Toshkent metrosida shilqimlik qilgan yigit jazoga tortildi

Toshkent metrosida shilqimlik qilgan yigit jazoga tortildi

Toshkentda yigit metroda shahvoniy shilqimlik qilgani uchun besh sutkaga qamaldi.

2023-yilning 10-may kuni Xorazm viloyatida tugʻilgan 24 yoshli Shamuratov Jamshidbek metroda vagonda oʻzi tanimagan voyaga yetmagan qizning orqa va pastki qismiga teginib shilqimlik qilgan. Qiz bu haqda darhol vokzal xodimlariga xabar bergan, huquqbuzar qoʻlga olingan.

12-may kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar Chilonzor tuman sudida mazkur ish boʻyicha sud majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Shamuratov oʻz aybiga iqror boʻlib, qilmishidan pushaymon ekanini aytib, suddan jazoni yengillashtirishni soʻradi. Jabrlanuvchi, oʻz navbatida, unga tegishli jazo berilishini soʻradi.

Dastlabki tergov organlari Shamuratov Jamshidbekning qilmishlarini mayda bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilgan (Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 183-moddasi). Biroq raislik qiluvchi sudya J.Qurbonov uni 41-1-modda (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan kvalifikatsiya qildi. Sud hukmi bilan ayblanuvchi besh sutkaga ozodlikdan mahrum etildi.