Karimov — Nazarboyevga: “Kelib, yordam ber”

Karimov — Nazarboyevga: “Kelib, yordam ber”

Islom Abdug’aniyevich Karimov (1938-yil 30-yanvar – 2016-yil 2-sentyabr) O’zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti bo’lib, 1991-yildan 2016-yilgacha mamlakatni boshqargan. U O’zbekiston mustaqilligining dastlabki kunlarida rahbarlikka kelib, mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida muhim iz qoldirgan.

U O’zbekistonning suverenitetini himoya qilishga katta e’tibor berdi. U mamlakatni xalqaro maydonda mustaqil aktyor sifatida ko’rsatishga harakat qildi.

Roppa-rosa to’qqiz yil avval O‘zbekistonni chorak asrdan ziyod boshqargan Islom Karimovning vafoti e’lon qilingandi. Shundan beri 2-sentabr birinchi prezidentni xotirlash kuni hisoblanadi. Sana munosabati bilan “Muhim24.uz” Karimov haqida uning zamondoshlari hikoya qilgan ayrim xotiralarni jamlashga urindi.

1989-yil iyunida O‘zbekiston rahbariga aylangan Islom Karimov respublikani 27 yildan ko‘proq boshqardi. 2016-yilning 28-avgust kuni uning xastalangani va davolanishga muhtoj ekani, oradan besh kun o‘tib, 2-sentabrda esa uning vafot etgani rasman e’lon qilindi. Shundan beri sentabr oyining ikkinchi sanasi mustaqil O‘zbekiston birinchi prezidentini xotirlash kuni hisoblanadi.

Islom Karimov hayotligida jamoatchilik uning odatiy hayot tarzi, u yoki bu jarayonlarga qarashlari, u qanday inson ekani haqida katta tasavvurga ega emasdi. So‘nggi yillarda o‘z vaqtida birinchi prezident bilan yelkama-yelka ishlagan, u bilan hamfikr bo‘lgan ko‘plab arboblar Karimov haqidagi xotiralari bilan bo‘lishmoqda. Bu xotiralar, qaysidir ma’noda, hukmdorlik vaqti oddiy xalq uchun ko‘p jihatdan mavhum bo‘lgan rahbarning siyosiy va shaxs sifatidagi portretini chizish — uning qanday odam bo‘lgani haqida xulosa qilish imkonini beradi.

2023-yil dekabrda Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning “Mening umrim. Qaramlikdan erkinlikka” nomli memuarlar kitobi e’lon qilindi. Kitobning bir necha o‘rinlarida O‘zbekiston birinchi prezidenti haqida ham so‘z boradi. Nazarboyev Karimovni “do‘stim” deb ataydi.

Karimov — Nazarboyevga: “Kelib, yordam ber”

“Bir kuni O‘zbekiston rahbari Islom Karimov menga qo‘ng‘iroq qilib, oldiga borishimni so‘radi. “Nima bo‘ldi?” desam: “Yelsin rasmiy tashrif bilan kelyapti. Men u bilan gaplasholmayman. Urishib qolaman. U seni hurmat qiladi. Kelib, yordam ber”, dedi. Lekin bu alohida bir qo‘shni mamlakat bo‘lsa. U bilan birga borish g‘alati ko‘rinishi mumkinligini aytdim. Karimov esa gapida qat’iy turib oldi.

Men Toshkentga bordim. Kechki qabuldan so‘ng basseynda cho‘miladigan bo‘ldik. Islom Karimov birinchi bo‘lib suvga sho‘ng‘ib, qanchadir vaqt suv ostida turdi. U o‘z harakati bilan qolganlarni go‘yoki kim ko‘proq suv ostida tura olishi bo‘yicha musobaqalashishga chorlayotgandek edi. Yelsin bunday vaziyatlarda umuman tinch o‘tira olmasdi. U ham suvga sho‘ng‘ib, basseyn tubiga yotib oldi. Qo‘riqchilar soatlariga qarab, vaqtni hisoblay boshlashdi. Bir daqiqa o‘tdi, ikkinchisi o‘tyapti. Yelsin qo‘riqchilarining boshlig‘i Korjakov: “Agar hozir olib chiqmasak, u shu basseynda o‘lib qolishi mumkin”, dedi. Shunday deya, Yelsinni suvdan olib chiqishdi.

Bu aytganlarim — Yelsin fe’l-atvorining o‘ziga xosliklaridan biri. Yelsin yo‘lida to‘g‘anoq bo‘lganlarga toqat qilolmasdi».