Joriy yilda «Navoiyuran» foydasi keskin oshdi

Joriy yilda «Navoiyuran» foydasi keskin oshdi

Dunyoda o‘zbek uraniga talab ko‘paygani fonida «Navoiyuran» foydasi keskin oshdi

2025 yilning yanvar-sentabr oylarida «Navoiyuran» davlat korxonasining sof foydasi 3,7 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28,6 foizga ko‘p.

Kompaniyaning uchinchi chorakdagi foydasi esa o‘tgan yilga nisbatan 149,2 foizga o‘sib, 1,9 trln so‘mga yetgan, deb xabar bermoqda KapDepo tahlilchilari.

2025 yil iyun oyida «Navoiyuran» London fond birjasida 300 mln dollarlik yevroobligatsiyalarni 6,7 foizlik kupon stavkasi bilan 5 yil muddatga joylashtirgan.

Kompaniya 2026 yilning ikkinchi yarmida 10-15 foizlik aksiyalarini xalqaro va mahalliy fond bozorlarida joylashtirish orqali IPO o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Ushbu reja kompaniyaning xalqaro bozorlardagi mavqeini mustahkamlab, davlat sanoat aktivlarini investorlarga ochishda muhim bosqich bo‘lishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar kompaniyaning moliyaviy barqarorligi va tashqi sarmoyachilar uchun ishonch darajasining ortib borayotganini anglatadi.

Xalqaro hisob-kitoblariga ko‘ra, jahondagi uran zaxiralari 2090 yillarga kelib tugashi mumkin. Hozirda ularning umumiy hajmi taxminan 8 million tonnani tashkil etadi. Shunga qaramay, zaxiralar juda cheklangan davlatlarda, xususan, 5 foizi Rossiyada, 3 foizi Xitoyda joylashgan, AQSH deyarli uran qazib olmaydi, to‘liq importga tayanadi.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyo uran sohasida dunyo yetakchisiga aylangan. Jumladan, dunyo bo‘yicha qazib olinayotgan uranning 44 foizi Qozog‘iston, 7 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Demak, dunyoda ishlatilayotgan har ikkinchi tonna uran aynan mintaqamizdan chiqmoqda. Mutaxassislar fikricha, yaqin yillarda uran tanqisligi xavfi ortishi muqarrar. Bu holat, tabiiyki, uran zaxiralariga boy Qozog‘iston va O‘zbekistonning strategik ahamiyatini yanada oshiradi. Natijada mintaqadagi uran zaxiralari uchun xalqaro raqobat keskinlashishi, investorlar uchun esa yangi imkoniyatlar eshigini ochishi kutilmoqda.