O‘zbekistonda milliy OTM reytingi joriy etiladi.
Adliya vazirligi oliy ta’lim muassasalari milliy reytingini yuritish tartibini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Reytingni Ta’lim sifatini ta’minlash agentligi shakllantiradi.
Ro‘yxatga davlat va xususiy OTMlar to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha kiritiladi: amaliy fanlar, tibbiyot fanlari, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlar, shuningdek ijod va sport. Reyting har yili 1-noyabrgacha e’lon qilinadi.
Baholash 25 ta ko‘rsatkich asosida amalga oshiriladi, shundan 5 tasi talabalar, o‘qituvchilar va xalqaro ekspertlar o‘rtasidagi so‘rovnoma natijalariga tayangan holda shakllantiriladi. So‘rov natijalari inobatga olinishi uchun unda har bir OTM talabalar va o‘qituvchilarining kamida 20 foizi ishtirok etishi kerak.
