«Yozda sertifikat oldim, lekin bu davr uchun ustama to‘lanmadi, ta’tildan keyin to‘lanishini aytishdi. Bu qanchalik to‘g‘ri?» — o‘qituvchilarni tez-tez o‘ylantiradigan va ko‘plab bahslarga sabab bo‘ladigan ushbu savolga amaldagi qonunchilik asosida aniq va sodda javob beramiz!
«MUHIM24.UZ» ning chatbotiga kelgan navbatdagi murojaatda murojaatchi quyidagi masalada huquqiy tavsiya so‘ragan:
«Assalomu alaykum. Men 2026-yil 14-iyunda (xatdagi fanni sir saqlamoqdamiz) milliy sertifikat oldim. Lekin menga ta’til davriga ustama to‘lanmasligini, ta’tildan keyin, ya’ni 28-iyuldan to‘lanishini bildirishdi. Savolim shunday: menga sertifikat chiqqan kundan ustama to‘lanadimi yoki ta’tildan keyinmi?»
Qadrli ustozlar, keling, ruxsatingiz bilan ushbu masalani murakkab qonun tillarisiz, oddiy dehqoncha tushuntirib beramiz.
Dastlab sertifikat uchun ustama tartibi qanday, degan savolga javob qaytarsak:
Nizom va qo‘shma qarorlarga ko‘ra, tegishli milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan pedagoglarga sertifikat olingan kundan boshlab ustama hisoblanadi. Masalan, Ona tili va adabiyot fani bo‘yicha milliy sertifikat uchun tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida ustama belgilangan.
Xo‘sh, nega mehnat ta’tili davrida sertifikat ustamasi to‘lanmaydi?
Siz mehnat ta’tiliga chiqqaningizda sizga oylik maosh yoki ustamalar berilmaydi, ularning o‘rniga ta’til puli (otpusknoy) to‘lanadi. Ta’til puli sizning oxirgi 12 oy davomida olgan barcha daromadlaringiz (oylik, moddiy yordam, mukofot, avvalgi ustamalar) ortacha hisoblab chiqilib to‘lanadi. Siz sertifikatni ta’til vaqtida olganingiz uchun u ta’til pulingizni hisoblash davriga (o‘tgan oylarga) kirib gurkirab ulgurmagan.
Sertifikat ustamasi o‘qituvchining dars soatlaridan kelib chiqadigan tarif stavkasiga qo‘shib hisoblanadi. Ta’til davrida esa o‘qituvchi dars o‘tmaydi va yangi o‘quv yili uchun dars soatlari ham hali taqsimlanmagan bo‘ladi (darslar odatda avgust-sentyabrda taqsimlanadi). Dars soati va tarif stavkasi bo‘lmagani uchun ta’til paytida ustama miqdorini hisoblashning texnik imkoni yo‘q.
Buxgalteriya sizga ta’til davri uchun emas, ta’tildan qaytib, amalda ishni boshlagan vaqtizdan (28-iyuldan) boshlab ustama to‘lashni yo‘lga qo‘ygani qonuniy va to‘g‘ri hisoblanadi.
Nima qilishni maslahat beramiz?
Avvalo, sertifikatingiz nusxasini va arizani maktab ma’muriyatiga hamda buxgalteriyaga taqdim etganingizga ishonch hosil qiling. Buyruqni tekshiring, ya’ni ta’tildan chiqqan kuningizdan (masalan, 28-iyuldan) e’tiboran sizga 50% ustama belgilangani haqida maktab direktorining rasmiy buyrug‘i chiqishini ko‘rib oling. Avgust va sentyabr oylari uchun chiqadigan oylik maosh varaqangizda (raschyotny list) sertifikat ustamasi to‘liq va to‘g‘ri hisoblanayotganini tekshiring.
Eslatib o‘tamiz ushbu yuqoridagi javoblarni tahririyatimiz qonuniy asoslar bilan havola etmoqda, ular quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-134-son hamda PQ-37-son Farmonlari;
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yilgi qo‘shma qarori;
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 233 va 257-moddalari.
Agarda qo‘shimcha savollaringiz bo‘lsa quyidagi ishonch raqamlar orqali javob olish imkoniga egasiz:
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ishonch telefoni:
71 202-09-09Bevosita huquqiy maslahat:
1008
MUHIM24.UZ — Xalq xizmatida va huquqiy yoningizda!
