JSST dunyoni tuzdan foyfalanishni keskin cheklashga chaqirmoqda

JSST dunyoni tuzdan foyfalanishni keskin cheklashga chaqirmoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tayyor ovqatlar, jumladan, jamoat joylarida sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlarida tuzdan foydalanishga majburiy cheklovlar joriy etishga chaqirdi.

JSST ekspertlari tuzni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish gipertoniya va boshqa yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanishiga olib kelishini aytmoqda. Bu kasalliklardan har kuni dunyoda 10 ming kishi vafot etadi. Ular orasida erkaklar ulushi ayollarga qaraganda 2,5 marta ko‘p.

Bundan tashqari, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda 30 yoshdan 69 yoshgacha bo‘lgan yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lish ehtimoli G‘arbiy Yevropaga qaraganda deyarli 5 baravar yuqori. Gipertoniya Yevropa mintaqasida barcha o‘limlarning deyarli to‘rtdan bir qismini va nogironlarning 13 foizini tashkil qiladi.

Aksariyat yevropaliklar ko‘p tuz iste’mol qiladi va 30-79 yoshdagi har uchinchi odam gipertoniyadan aziyat chekadi. Organizmda ko‘p miqdordagi tuz yuqori qon bosimini keltirib chiqaradi, bu esa o‘z navbatida yurak-qon tomir kasalliklariga sabab bo‘ladi.

Ko‘cha ovqatlari va yarim tayyor oziq-ovqatlar tuzni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilishning asosiy sababi hisoblanadi, — deya ogohlantiradi JSST tadqiqotchilari.

Tashkilot mutaxassislari kuniga 5 grammdan ko‘p bo‘lmagan tuz iste’mol qilishni tavsiya etadi. Jamoat joylarida sotiladigan ovqatlarda tuzdan foydalanishni majburiy cheklashga chaqiradi. JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, tuz iste’molini 25 foizga kamaytirish siyosati 2030-yilga borib 900 ming kishining hayotini saqlab qolishi mumkin.