Toshkent shahrida o‘tkazilgan 2026-yilgi Xalqaro Informatika Olimpiadasida isroillik 17 yoshli Yotam Budnik oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Biroq sahnada sodir bo‘lgan holat sababli u musobaqadan chetlatildi.
Xalqaro Informatika Olimpiadasi (IOI) qoidalariga muvofiq, 2024-yildan buyon isroillik, rossiyalik va belaruslik o‘quvchilarga musobaqada o‘z mamlakatlari bayrog‘i hamda milliy ramzlari ostida qatnashish taqiqlangan bo‘lib, ular neytral maqomda («Team IOI») ishtirok etib kelishayotgan edi. Taqdirlash marosimi vaqtida Yotam Budnik kiyimining ostidan Isroil davlat bayrog‘ini chiqarib ko‘rsatib, ushbu neytral status qoidasini buzgan.
Hodisadan so‘ng tashkiliy qo‘mita va IOI rahbariyati shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi. Belgilangan tartib-qoidalarni buzgani uchun Yotam Budnikning natijasi va unga berilgan sertifikat bekor qilindi hamda u rasmiy reyting jadvalidan chiqarib tashlandi.
Tashkilotchilar medalni qaytarib olishga urinishgan bo‘lsa-da, ishtirokchi uni topshirishdan bosh tortgan. Yotam Budnik o‘z intervyusida ushbu taqiqni ijtimoiy-siyosiy deb hisoblashini va natijaning bekor qilinishi uning amaldagi ilmiy g‘alabasini yo‘qqa chiqara olmasligini ta’kidlab o‘tdi.
