O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashabbusi bilan mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Media haftalik” tadbirlari 27-aprel – 1-may kunlari Samarqand shahrida davom etmoqda.

Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida start olgan haftalikning ochilish marosimida viloyat hokimligi, Kontent tayyorlash markazi va Jurnalistlar uyushmasi mas’ullari ishtirok etib, barcha soha vakillariga muvaffaqiyat tiladi.

Foto: «O‘zJU Samarqand bo‘limi»
Mazkur nufuzli tadbirda viloyatdagi barcha bosma va internet OAV vakillari, axborot xizmatlari hamda televideniye ijodkorlari qatori “Paxtachi” gazetasi va “MUHIM24.uz” sayti jamoasi ham ishtirokchi sifatida jam bo‘lishdi.


Haftalikning dastlabki mashg‘ulotlarida taniqli media ekspertlar va soha mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston bosma mediasidagi kontent tahlili, amaliyotdagi muammolar va ularning yechimlari, shuningdek, Prezident faoliyatini yoritishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
Media ekspert Eldor Asanov ta’kidlaganidek, ushbu platforma jurnalist va blogerlar uchun nafaqat o‘quv seminari, balki o‘zaro tajriba almashish va amaliy keyslar ustida ishlash maydoniga aylandi. Ayniqsa, axborotlarni e’lon qilishning huquqiy va axloqiy jihatlari ishtirokchilar tomonidan keng muhokama qilindi.



Kunning ikkinchi yarmida esa mediaxavfsizlik yo‘nalishidagi g‘oyat muhim mavzu — sun’iy intellekt davrida axborot maydonini himoya qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Viloyatimizning mahoratli va katta tajribali jurnalistlari bilan ushbu mavzu doirasida kechgan qizg‘in muhokamalar dunyodagi bugungi global voqeliklar, ularni yoritish va axborot urushi kabi murakkab jarayonlarda jurnalistlarning ishonchli ma’lumotlarni saralashi borasida yangi bilimlarni berdi. Jurnalistlarning axborotni qanday va qaysi manbalardan yetkazishi, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan to’g’ri foydalanish hamda auditoriyani dezinformatsiyadan himoya qilish borasidagi suhbatlar tadbir mazmunini yanada boyitdi.

Hozirda media haftalik doirasidagi amaliy mashg‘ulotlar qizg‘in davom etmoqda.
