Xabar qilganimizdek, Xalq deputatlari Paxtachi tumani Kengashining navbatdagi sessiyasi o‘tkazildi. Unda tuman hokimi Qayum Xushbaqovning joriy yilning birinchi choragi davomida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi.
Tuman iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida ijobiy o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda. Xususan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 174,2 mlrd so‘mni (o‘sish 107,3 foiz), xizmatlar ko‘rsatish hajmi 234,2 mlrd so‘mni (119,7 foiz), qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 414,3 mlrd so‘mni (105,5 foiz) va qurilish-pudrat ishlari hajmi 87,9 mlrd so‘mni (101,9 foiz) tashkil etdi. Eksport salohiyati ham sezilarli darajada oshib, 5,2 mln dollarlik ko‘rsatkichga erishildi va prognoz 124,7 foizga bajarildi. Mahalliy byudjet tushumlari bo‘yicha ham ijobiy natija qayd etilib, belgilangan reja 111 foizga uddalandi.
Aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish tumandagi iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Olib borilgan ishlar natijasida ishsizlik darajasi yil boshidagi 5,3 foizdan 5,1 foizga tushirildi. Kambag‘allikni qisqartirish dasturi doirasida 1059 ta oilaning 5 ming nafar a’zosi kambag‘allikdan chiqarilib, bu boradagi ko‘rsatkich 4,6 foizdan 4,0 foizga pasaytirildi. Bandlik dasturi doirasida 7 275 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi, shuningdek, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish choralari orqali 12,1 mlrd so‘m daromad manbai yaratildi. Hududda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun banklar tomonidan 101,0 mlrd so‘m kredit mablag‘lari ajratilib, 250 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti tashkil etildi.
Investitsiya dasturlari ijrosi doirasida ham yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. «Stannum taurus», «AMR gipsym production» va «Asia kvarts» kabi korxonalar tomonidan xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, yangi quvvatlar ishga tushirilmoqda. Hududiy investitsiya dasturi bo‘yicha 11 ta loyiha ishga tushirildi. Shu bilan birga, ijtimoiy soha ob’ektlari, jumladan maktablar, bog‘chalar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, ichki yo‘llarni asfaltlash hamda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borilmoqda. Sessiyada «Yashil makon» loyihasi doirasida 427 ming tup daraxt ekilgani va yoshlar bandligini ta’minlash borasidagi ishlar ham alohida e’tirof etildi.
Sessiya davomida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. «Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ijtimoiy reyestrdagi, I guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli a’zosi yo‘q 15 ta ehtiyojmand oilaning xonadonlarini yaxshilash maqsadida 899,8 mln so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘lar orqali xonadonlarning devor va tomlari izolyatsiya qilinadi, energiya tejamkor deraza va eshiklar o‘rnatiladi hamda quyosh panellari yoki geliokollektorlar bilan jihozlanadi. Bu chora-tadbirlar nafaqat oilalarning yashash sharoitini yaxshilash, balki ularning energiya xarajatlarini tejashga ham xizmat qiladi. Qabul qilingan qarorlar ijrosi ustidan deputatlar va mas’ul idoralar tomonidan qat’iy nazorat o‘rnatildi.
«MUHIM24.uz»
