Bog‘cha bolalarini to‘g‘ri va xavfsiz ovqatlantirish sirlari o‘rgatildi!

Bog‘cha bolalarini to‘g‘ri va xavfsiz ovqatlantirish sirlari o‘rgatildi!

Farzandlarimiz va nabiralarimiz boradigan bog‘chalardagi ovqatlar sifati bo‘yicha Paxtachi tumanida juda muhim bir tadbir bo‘lib o‘tdi.

Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan Paxtachi tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalarida ovqatlantirish tizimi sifatini oshirish va sanitariya xavfsizligini ta’minlash maqsadida keng qamrovli amaliy seminar tashkil etildi.

Unda tumandagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari, tibbiyot xodimlari, oshpazlar hamda ovqatlantirish jarayoniga bevosita mas’ul bo‘lgan mutaxassislar ishtirok etishdi.

Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-janvardagi 1-sonli qarori hamda amaldagi sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga muvofiq o‘tkazildi. Tadbir davomida tarbiyalanuvchilarni sifatli va muvozanatli ovqatlantirish bo‘yicha quyidagi strategik yo‘nalishlarda amaliy ko‘rsatmalar berildi:

  • Oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilish, saqlash omborlarining holati va ulardan me’yor asosida foydalanish tartiblari;

  • Kundalik taomnoma (menyu) talablariga qat’iy rioya etish hamda tayyor bo‘lgan taomlarning sifati va xavfsizligini tizimli nazorat qilish;

  • Oshxona bloklarida sanitariya-gigiyena talablariga so‘zsiz amal qilinishini ta’minlash;

  • Muassasalardagi brakeraj komissiyasi faoliyatini samarali va shaffof tashkil etish.

Soha ekspertlari ishtirokchilarga ovqatlantirish jarayonida yuzaga kelayotgan dolzarb muammolar va ularning huquqiy-amaliy yechimlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berishdi. Amaliy mashg‘ulotlar orqali tizimdagi ilg‘or tajribalar namoyish etildi. Seminar yakunida ishtirokchilarning takliflari tinglanib, belgilangan talablarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi. Ushbu tadbir tumandagi bog‘chalarda bolalarning sog‘lom o‘sishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

«MUHIM24.uz»