Moskvada haydovchilar benzin uchun joy talashib mushtlashdi

Moskvada haydovchilar benzin uchun joy talashib mushtlashdi

Moskva shahridagi avtomobilga yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan birida haydovchilar o‘rtasida benzin navbati sababli kelishmovchilik va ommaviy mushtlashuv yuz berdi.

Guvohlarning «Ostorojno, novosti» nashriga ma’lum qilishicha, hodisa 18-avgust kuni soat 23:10 da Leningrad shossesida joylashgan AYOQSHda sodir bo‘lgan. Ikki nafar erkak navbatda joy talashib dahanaki jang qilgan va bu tez orada jismoniy kuch ishlatishga aylanib ketgan. Keyinchalik janjalga yoshi kattaroq nafaqaxo‘r kishi ham qo‘shilgan. Guvohlarning aralashuvi bilan mushtlashuv to‘xtatilgan, biroq kiyimlari yirtilgan ishtirokchilar bir-biriga tayoq bilan tahdid qilishda davom etishgan.

Ushbu hodisa Moskvada va uning atrofida yoqilg‘i taqchilligi hamda uzun navbatlar ko‘paygan bir paytga to‘g‘ri keldi. RBK bergan ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtdagi bir qator AYOQSH tarmoqlarida yoqilg‘i sotuviga qat’iy limitlar o‘rnatilmoqda.

Xususan, «Gazprom neft» shoxobchalarida bir avtomobil bakiga 40 litrdan 60 litrgacha, «Tatneft»da esa 50 litrgacha benzin hamda 60 litrgacha dizel yoqilg‘isi sotilmoqda. Mahalliy aholi va haydovchilar doimiy navbatlar hamda taqchillik yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda e’tiroz bildirishmoqda.