“Shartnomada ko‘rsatilgan, lekin amalda yetishmovchilik bor!”, – Paxtachi kasaba uyushmalari raisi nimalarni ochiqladi?

“Shartnomada ko‘rsatilgan, lekin amalda yetishmovchilik bor!”, – Paxtachi kasaba uyushmalari raisi nimalarni ochiqladi?

Ma’lumki, yurtimizda 11-noyabr – Kasaba uyushmasi xodimlari kuni keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan Paxtachi tumanida o‘tkazilgan bayram tadbiridan so‘ng, O‘zbekiston taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Paxtachi tuman bo‘linmasi kengashi raisi Bo‘ron Hakimov bilan maxsus intervyu tashkil etdik. Quyida ushbu suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

— Bo‘ron aka, avvalo, kasb bayramingiz muborak bo‘lsin! Keling, suhbatimizni bugungi kunda Paxtachi tumanida va umuman olganda tumanlarda kasaba uyushmalari faoliyati qanday olib borilayotgani haqidagi savol bilan boshlasak.

— Avvalo, e’tibor uchun rahmat. Bugungi kunda kasaba uyushmalariga bo‘lgan e’tibor juda ham yuqori. Kasaba uyushmalari Federatsiyasida hurmatli Qudratilla Murtazatovich boshchiligidagi federatsiya a’zolari, kasaba uyushma boshqaruvi ish olib bormoqda.

Biz kasaba uyushmalarimiz faoliyatini shaffof, ochiqlikka tayangan holda olib bormoqdamiz. Bugungi kunda har bir jamoat tashkiloti bo‘ladimi, davlat yoki nodavlat tashkilotlari bo‘ladimi – barchasida yurtboshimizning bir og‘iz so‘zlari bilan barcha davlat va nodavlat tashkilotlari mana shu katta jamoat tashkilotiga – kasaba uyushmalariga birikishi kerak, deb ta’kidlab o‘tilgan.

Shu jarayonni inobatga olgan holda, bugungi kunda tumanimizda ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Paxtachi tuman bo‘linmasi kengashida 5385 nafar a’zolarimiz bor va 94 ta tashkilotimiz mavjud. Bu tashkilotlarimiz tumanimizdagi umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ularning barcha xodimlarini qamrab olgan.

Asosiy faoliyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy himoya qilishdan iborat. Har bir tushgan murojaatlarga e’tiborli bo‘lgan holda, a’zolarimizning talabini qondirish maqsadida va shaffoflikni ta’minlash maqsadida faoliyat olib boryapmiz. Hech qanday yashirin holatlar yo‘q, barchasi ochiqlik asosida amalga oshirilmoqda.

— Faqatgina xodimlarni bayram dasturlarida yoki boshqa tadbirlarda emas, balki boshqa yo‘nalishlarda ham ishlar olib borilayotgani haqida aytdingiz. Jumladan, sport va yoshlar bilan uchrashuvlar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— Albatta. Faqatgina xodimlarni bayram dasturlarida yoki boshqa tadbirlarda emas, balki bayram sanalariga mo‘ljallangan sport tadbirlarimiz, yoshlar bilan uchrashuvlarimiz bor. Tuman kengashi rahbarlari bilan birgalikda rahbar va yoshlar uchrashuvlari doimiy ravishda tashkil etilib kelinyapti. Joylarda boshlang‘ich qo‘mita raislarimiz faol ishtirok etmoqda.

Shuning bilan birga, huquq bilimdonlari, mehnat xavfsizligi bo‘yicha respublika miqyosidagi tadbirlarda xodimlarimizning faol ishtirokini ta’minlab boryapmiz.

— 2026-yil davomida xodimlarning turli dam olish maskanlari va sayohatlarga borishi borasida qanday ishlar amalga oshirildi?

— Sayohatlarimiz kasaba uyushmalarida doimiy ravishda, yil davomida amalga oshirilib kelinmoqda. Bir tomonidan, har bir tashkilotimizda ish beruvchi bilan hamkorlikda qisman kasaba uyushmalari mablag‘i (50 foiz miqdorida yoki xodimlar sonidan kelib chiqqan holda) asosida respublikamizning turli diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalarini tomosha qilish maqsadida sayohatlar tashkil etilmoqda.

Xususan, Xorazm viloyatiga 3 kunlik, Toshkent shahriga 2 kunlik sayohatlar doimiy ravishda uyushtirib kelinyapti. Bu boradagi ishlarimiz ancha yuqori va tahsinga loyiq, sababi biz hurmatli yurtboshimiz ta’kidlaganidek, ichki turizmni rivojlantirish ishlarini ish beruvchi bilan teng sheriklik asosida har yili xodimlarning madaniy hordiq chiqarishi uchun dam olish maskanlariga, tog‘larga va tarixiy obidalarga sayohatlarni uyushtirib kelmoqdamiz.

Agar amaliy statistikasini oladigan bo‘lsak, o‘rtacha har yili 2,5 ming nafardan ortiq xodimlarimizni shunday sayohatlarga olib chiqamiz. Bundan kam bo‘lmaydi. Viloyatlar kesimida qo‘shni viloyatlarga, masalan, Xorazm viloyatiga, Toshkent shahriga bo‘ladigan sayohatlarimiz alohida tashkil etilmoqda.

Shuningdek, xodimlarning talabidan kelib chiqqan holda, joriy kuncha xodimlarimiz tomonidan 184 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning o‘zlari hamda yaqin qarindoshlarini dam olish maskanlariga yuborish bo‘yicha amaliy ishlar qilindi. Bugungi kunda 55 nafar yaqin qarindoshlarini va 52 nafar xodimning o‘zini sog‘lig‘ini tiklab, yangi o‘quv yiliga qaytib kelishlarini ta’minladik.

— Xodimlarning nafaqat ijtimoiy, balki tibbiy salomatligini tiklash borasida ham salmoqli ishlar qilinyapti. Sanatoriyalarga yo‘llanmalar berish masalasi qanday yo‘lga qo‘yilgan?

— Xodimlarni ham psixologik, ham tibbiy jihatdan sog‘lig‘ini tiklash borasida ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Xodimlar va ularning yaqin qarindoshlarini tibbiy sog‘lig‘ini tiklash uchun sanatoriyalarga yo‘llanmalar yuborilmoqda.

Jumladan, joriy yilda 220 nafar xodimimizning farzandlarini tumanimizdagi «Xumor bolalar oromgohi»da 4 ta davrda sog‘lomlashtirdik (har bir davrimiz 10 kundan 90 nafardan iborat). Shuningdek, talab asosida qo‘shni tumanlardagi «Urgut» sanatoriyasiga ham borib, xodimlarning farzandlari o‘z sog‘lig‘ini tiklab kelishdi.

— Kasaba uyushmalarining eng asosiy vazifalaridan biri – ishchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdir. Paxtachida bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Albatta, bu holat ish joyida bevosita amalga oshirilib turibdi. Murojaatlar asosida ishlarni ko‘rib chiqamiz. Masalan, tumanimizdagi 36-umumta’lim maktabidan 3 nafar xodim sentabr oyida darslari 1-toifa bo‘lishiga qaramasdan, nafaqaga chiqqan xodimlarning darslari hech qanday sababsiz qisqartirilganidan murojaatlar kelib tushgan edi.

Biz joyiga borib o‘rgandik. Nafaqaga chiqqan xodimlar ishlab turibdi, lekin «siz nafaqadasiz» degan vaj bilan ularning darslarini qisqartirib berish holatlari kuzatilgan. Shunda 3 nafar xodim Kasaba uyushmalari federatsiyasiga o‘z huquqini himoya qilish maqsadida amaliy yordam so‘rab chiqqan.

Menga bevosita viloyat kengashi tomonidan yo‘naltirilgani sababli, borib bir kun ichida o‘rgandik. Ish beruvchiga tegishli tushunchalar berilgandan keyin, ish beruvchi yo‘l qo‘ygan kamchilikni o‘z vaqtida inobatga olib, hech qanday to‘siqsiz darslari egalariga qaytarib berildi va jarayon ijobiy hal bo‘ldi.

Xuddi shunday murojaatlar 38-umumta’lim maktabidan ham kelib tushdi. Viloyatdan yordam so‘ralgach, borib o‘rganilib, xodimlarga tegishli tushunchalar berildi va ularning huquqlari to‘liq tiklandi. Xodimlarimiz o‘zlarining minnatdorchilik xatlarini yozma ravishda bildirishdi.

— Kasaba uyushmalari faoliyatida boshlang‘ich tashkilot rahbarlarining o‘rni qanday va ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?

— Qaysi bir tashkilotga bormaylik, boshlang‘ich qo‘mita raisi jamoatchilik asosida ishlaydi. Ularni to‘liq moddiy rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha jamoa shartnomalarida ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa-da, amalda biroz yetishmovchiliklar bor.

Shuning uchun, agar moddiy tomondan ham qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘lsak, ulardan talabimizni kuchaytirishimiz mumkin bo‘ladi. Bugungi kunda rahbar sifatida borib qattiq talab qilish qiyin, chunki ular jamoatchilik asosida ishlaydi. Lekin xudoga shukur, keyingi o‘n yillikda boshlang‘ich kasaba uyushma raisi bo‘laman deganlar ko‘p. Sababi obro‘si, e’tiborga ega bo‘lyapti, huquq-manfaatlari birinchi o‘ringa chiqmoqda.

Bularning barchasining zamirida hurmatli yurtboshimizning bizning kasaba uyushmalarimizga va barcha davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlariga yaratib berayotgan shart-sharoitlari turibdi.

— Intervyu yakunida erkin mikrofon orqali ertangi bayram munosabati bilan barcha kasaba uyushmasi xodimlariga tilaklaringizni bildirib o‘tsangiz.

— Furtsatdan foydalanib, ertangi 11-noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari xodimlari kuni munosabati bilan barcha kasaba uyushmalari tizimida ishlayotgan faollarimizni, barcha xodimlarimizni chin yurakdan tabriklayman!

Ularga kuch-quvvat, mashaqqatli, serg‘ayrat, lekin sharafli kasb egalari bo‘lishida charchamasliklarini tilab qolaman. Hammalariga oilaviy sog‘lik, tinchlik-totuvlik tilayman. Doim yaxshi kunlarda, xursandchilik kunlarda uchrashish barchamizga nasib etsin!

— Mazmunli intervyu uchun katta rahmat!

Jamolbek SALOMOV suhbatlashdi

Video intervyuda Suhrob EŞPÖLATOV tasvirga oldi