Uy hayvonlari, ayniqsa it va mushuklar odamlarning yaqin hamda mehribon do‘sti mudom. Shu bois ham aksari odamlar, necha zamonlarki, o‘z xonadonida kuchuk yoki mushuk boqadi. Jumladan, xalqimiz ham. Biroq so‘nggi vaqtlarda ayrim kishilarning bu jonzotlarga nisbatan shavqatsiz munosabatda bo‘lishlari jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Boshpanasiz jonivorlarning ko‘payib borayotgani va ularga yetarlicha e’tibor berilmayotgani yanada achinarli. Jamiyatimiz rivojlangani sari odamlarda nafrat, yomonlikka moyillik ham “rivojlanib” borayotgandek. Axir shusiz ham zabonsiz, himoyaga muhtoj bo’lgan jonzotlarga, aksincha, mehr, e’tibor berishimiz kerak emasmi?..
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 202-qarorida O’zbekiston Respublikasi aholi punktlaridagi itlar va mushuklarni (xizmat itlari bundan mustasno) saqlash tartibi qat’iy belgilangan. Hamda bu tartiblar it va mushuklarning barcha egalari, shu jumladan yuridik shaxslar uchun ham majburiy hisoblanadi.
Aslida, aholi punktlarida itlar har yili ro’yxatga olinishi va keyingi yillarda qayta ro’yxatga olinib borishi kerak. Ro’yxatga olish itlarni dastlabki vaksinasiya qilishda amalga oshiriladi. Itlarni ro’yxatga olishda ularning egalariga belgilangan tartibda itlarning veterinariya pasporti berilishi kerak.
Itlar va mushuklar belgilangan tartibda hovli uylarida, ko’p qavatli uylarda saqlanishi aytib o’tilgan. Bizning tumanimizda bu kabi chora-tartiblar qanchalik kuchga kirgan?
Qarovsiz yurgan ko’chadagi itlar va mushuklar uchun aslida har birimiz ma’sulmiz. O’z sog’ligimiz uchun ham, albatta.
Birinchi bo’lib borgan manzilimiz bu Paxtachi tumani Obodonlashtirish bo’limi bo’ldi. Ushbu maskanda “It ovlash” shtabi tashkil qilingan bo’lib, ko’chadagi daydi itlar bo’yicha shug’ullanadi. Ya’ni tutib kelingan itlarni maxsus qafaslarda saqlanib oziqlantiriladi. So’ngra hech bir kasalikka chalinmaganligi tekshirilib, nazoratga olinadi. Agarda itning egasi topilsa, u o’z egasiga qaytariladi.
— Hozir ayniqsa qishloq joylarida itlar bog’lanmagan holatda yuradi. Bu juda ham xafvli bo’lishiga qaramay, aholi e’tiborsizligi ortidan turli xil salbiy holatlar uchraydi. Ya’ni yosh bolalarni tishlash, daydi itlar ko’payishi kabi. Biz bunday hollarda aholi bilan tushintirish ishlari olib borib, joylardagi qarovsiz itlarni tutib kelamiz, ularda kasallik, nojo’ya holatlar aniqlangudek bo’lsa, tuman Veterinariya bo’limiga xabar beramiz, — deydi tuman Obodonlashtirish bo’limi xodimi Ravshan Xo’jayev. — Agarda davolashda boshqa chora qo’llab bo’lmagan taqdirda, o’lgan va maxsus atrofga zarari tegmaydigan dori vositasi bilan o’ldirilgan itlarni aholi punktidan uzoqda joylashgan maxsus quduqlarga tashlanib, ustidan filtrlanib, zararsizlantiriladi.
Agarda ularda turli xil zararli kasalliklar aniqlangudek bo’lsa, qanday chora qo’llaniladi? Biz bu haqida Paxtachi tumani Veterinariya bo’limi xodimi bo’lgan Sohib Bo’riyev bilan suhbatlashdik.
— Xodimlarimiz har doim uy hayvonlaridan tortib ko’chada yurgan daydi hayvonlargacha barchasini nazoratga olib, ular turli kasallikka chalinmasliklari uchun chora-tartiblar ko’radi, — deydi S. Bo’riyev. — Uyda egasi tomonidan nazoratga olingan itlarga ham qutirishga qarshi emlashlar qilinadi. Har bir xonadonda boqiladigan itlarning o’z hujjati bo’lishi kerak. Qachondir agar u it ko’chaga daydib ketib qolgudek bo’lib, obodonlashtirish xodimlari nazoratiga tushsa, egasi tomonidan taqdim etilgan hujjatga binoan it qaytariladi. Va o’sha hujjatda itga qo’llangan emlashlar tartibi yozilgan bo’lishi kerak. Ammo aholiga bu kabi choralarni tushuntirish juda ham qiyin masala. Agar aholi o’z salomatligini o’ylasa, albatta qoidalarga amal qilishi kerak.
Sohib Bo’riyevdan obodonlashtirish xodimlari tomonidan olib kelingan itlarni qanday davolanishlarini so’raganimizda, agar o’sha jonivorlarda kasallik alomatlari uchrasa, ularga kasallikka qarshi vaksinalar qilishlarini aytdi. So’ng ularni veterinariya bo’limida ajratilgan qafaslarda saqlab, tuzalgunga qadar muntazam emlash choralari qo’llanilar ekan. Agarda itlar ahvoli shunda ham yaxshilanmasa, yuqorida keltirganimizdek, ularning taqdiri ma’lum. Shunday ekan, har bir aholi itlarini qarovsiz va bog’lovsiz holda qoldirmasligi joizdur.
Bu jonzotlarni bolalar yoqtirishadi, ko’pincha. Ammo kattalar mehrsizligi bilan ham kichiklarga o’rnak bo’lishmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ko’p kuzatamizki, tabiatga, atrof-muhitga va hayvonlarga nisbatan noo’rin munosabat, zo’ravonlik kuchayib bormoqda.
Xususan, tarmoqlarda aylanayotgan videolarda osilgan itlar, kaltaklangan, oyoq-qo’llari chopilgan mushuklar, otilib ketilgan o’rmon hayvonlari… bularning hammasini o’zini “ongli” deb yurgan insonlar namoyish qilmoqda.
Ba’zilarini aniqlab, chora ko’rishmoqda. Ammo ularga berilgan choralarni ko’rib, odamning ensasi qotadi: atigi 200-300 ming so’mlik jarima yoki 15 kunlik qamoq jazosi… Axir hayvonlar ham yashashga haqli-ku? Ularga ham jon ato etgan Zot ularni munosib qadrlashimizga, zulm qilmasligimizga ham buyurmaganmi?.. Bizningcha, ularga qilingan shavqatsizliklar uchun ko’proq qayta urinishga undamaydigan darajada chora ko’rilishi kerak!..
Hayvonlar kasalliklari odamlarga yuqqanida, qanday chora-tartiblar borligini tuman Sanitariya-epidimologiya osoyishtalik va jamoat salomatligidan bilib oldik.
— Agarda hayvonlarda uchraydigan kasalliklar odamlarga yuqsa, juda ham xafvli bo’ladi. Biz bunday hollarda o’sha insonni alohida xonada, maxsus nazoratga olamiz. Bir oy davomida it kasalligi yuqqan insonga vaksinalar qilamiz. Bu kabi kasalliklar, keyinchalik ham hayoti davomida hech qanday salbiy holatlar olib kelmasligi uchun ham javobgarmiz. Bunday kasallanish holatlari odamlarga hayvonlarning so’lagi, tuklaridan tez yuqadi. Qarovsiz itlar albatta nazoratga olinishi, emlanishi kerak, — deydi vrach-epidimologik yordamchisi Huriniso Muxtorova.
Yuqoridagi suhbatlar natijasida shuni bildik-ki, qarovsiz itlarni kasalligi bo’yicha – veterinariya, ularning ko’chada daydib yurishini nazoratga olish bilan – obodonlashtirish, agar itlar odamlarga tashlangudek bo’lsa – sanitariya bo’limi, agar o’sha itning egasi bo’lsa – mahalla Ichki ishlar xodimi doim ma’sul ekan. Egasi bor itlarning egalariga mahalla profilaktika inspektorlari tomonidan chora qo’llaniladi. Bunday olib qaraganda, hamma ham atrofga e’tiborli bo’lishi lozim.
Ajbki, tilsiz qorako’zlarning shunchalik nazoratchilari bor ekan-u, ammo ularga vaxshiyliklar hali-hamon davom etmoqda.
Turkiyada qarovsiz jonzotlar davlat nazoratiga olingan, masalan. Aniqrog‘i, it va mushuklarning tug‘ib, ko‘payishining oldini olish maqsadida ular sterillanadi, emlanadi hamda hammasining qulog‘iga chip qo‘yiladi. Buning uchun davlat budjetidan mablag’ ajratiladi. Bizda esa ommaviy sterillash va emlash yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan, holat juda achinarli.
Vazirlar mahkamasining 202-qarorida hayvonlar uchun e’tiborli bo’linishi kerakligi aytilgan, albatta. Ammo bu kabi qarorlar amalda ham qo’llanilsa, maqsadga muvofiq bo’lar edi.
Agar har birimiz ularga “tashlandiq” sifatida emas, aksincha o’zimiz kabi yaratiq sifatida qarasakkina, bu boradagi ahvolimiz isloh topa boshlaydi. Zotan, biz shu holimizcha davom etarkanmiz, tabiat chiqindiga, havo esa zararli kasalliklarga to’lib boraveradi. Eng yomoni esa qalblarimiz faqat vaxshiylik va nafratga “uya” bo’ladi. Bugun mushukni osgan bola ertaga insoniyatni qatli’om qilmasligiga ishonish qiyin, har holda!..