16-sentyabr kuni Jizzax viloyatining Oqoltin tumanidan oʼtuvchi Xalqaro ahamiyatdagi А-373 avtomobil yoʼlining 10 km da joylashgan zovur koʼprigining «Toshkent-Jizzax» yoʼnalishidagi qismida oraliq qurilma balkalarining 5 tasida yoriq vujudga kelib, choʼkish hosil boʼlgan.
А-373 Xalqaro avtomobil yoʼlining 10 kilometridagi 1990-yilda qurilgan, 2020-yilda qisman rekonstruktsiya qilingan zovur ustidan oʼtgan koʼprikning «Toshkent-Jizzax» yoʼnalishidagi qismida ogʼir yuk mashinalari harakatlanishi natijasida 5 ta oraliq qurilma balkalarida yoriq vujudga kelgan va bir qismi choʼkkan.
Harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida koʼprikning yarimida transport vositalarining harakati cheklanib, avtotransport vositalari harakati xalqaro ahamiyatdagi M-34 «Toshkent – Dushanbe» avtomobil yoʼlining 104-152 kilometrlari hamda А-376 «Qoʼqon – Jizzax» avtomobil yoʼlining 219-242 kilometrlari orqali tashkil qilinmoqda. Hozirda koʼprikni tiklash boʼyicha qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilgan, deyiladi Jizzax IIB xabarida.
Shuningdek, hozirda avtotransport vositalarining mazkur yoʼnalishda harakatini qayta yoʼlga qoʼyish uchun qoʼshimcha ravishda zovur ustidan vaqtinchalik oʼtish yoʼli qurishga qaror qilingan. Buning uchun 50 ga yaqin kuch va vositalar jalb qilinib, 3 smenada ish tashkil qilinmoqda.