Amerikalik xonanda Teylor Svift Time jurnali tomonidan “Yil odami” deb topildi. Jurnal xonandaning besh qitʼada 151 ta shouni oʻz ichiga olgan va qoʻshiqchini milliarderga aylantirgan Eras Tour dasturiga ishora qilib, “Hozir sayyorada hech kim buncha koʻp odamning hislarini uygʻota olmaydi”, deya qayd etdi.
Amerikalik 34 yoshli qoʻshiqchi Teylor Svift Time jurnali tomonidan 2023-yil uchun “Yil odami” deb topildi.
Time jurnali nomzodlari orasida Teylor Sviftdan tashqari Gollivud ssenariynavislari va aktyorlarining ish tashlashi ishtirokchilari, Xitoy raisi Si Szinpin, OpenAI bosh direktori Sem Altman, Barbi qoʻgʻirchogʻi, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Buyuk Britaniya qiroli Karl Uchinchi, AQSH Federal zaxira tizimi rahbari Jerom Pauell, shuningdek, AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampga qarshi sud jarayonlarida nutq soʻzlagan prokurorlar bor edi.
Nega Teylor Svift?
“Har yil yorugʻlik va zulmatdan iborat; 2023-yil sezilarli darajada zulmatli yil boʻldi. Juda koʻp institutlar muvaffaqiyatsizlikka uchragan ushbu dunyoda Teylor Svift chegaralarni oshib oʻtib, yorugʻlik manbai boʻlish yoʻlini topa oldi. Bugungi kunda sayyoramizda hech kim buncha koʻp odamning hissiyotini uygʻota olmaydi”, — deyiladi nashr bayonotida.
Gap shundaki, Teylor Svift pandemiyadan soʻng besh qitʼada 151 ta shoudan iborat boʻlgan Eras Tour nomli yirik gastrolini olib bormoqda. Bu ayollar tomonidan taqdim etilgan eng yuqori daromad keltiruvchi gastrollardan biriga aylandi.
Bloomberg Economics tahlillariga koʻra, xonandaning Eras Tour doirasida taqdim etgan 53 ta konsertidan topilgan pul ayrim mamlakatlar iqtisodidan oshib ketdi va AQSH yalpi ichki mahsulotiga 4,3 milliard dollar qoʻshdi.
Uning umumiy boyligi 1,1 milliard dollarni tashkil qilmoqda.
Xonanda Spotifyʻda 2023-yil davomida qoʻshiqlari eng koʻp tinglangan (dunyo boʻylab 26,1 mlrd marta) qoʻshiqchi boʻldi.
Teylor Svift 2017-yilda jinsiy zoʻravonlikka qarshi chiqqan Silence Breakers guruhi bilan “Yil odami” nomiga loyiq koʻrilgandi. U jurnal tomonidan bir necha marta eʼtirof etilgan va “Yil odami” muqovasida ikki marta chiqqan birinchi ayol sifatida tarixga kirdi.