Asad rejimining agʻdarilishi Isroil uchun yomon xabar.
Isroil xavfsizlik xizmati Suriyada davom etayotgan janglarda muxolifat kuchlari Asad rejimiga tegishli strategik qurollarni qoʻlga kiritishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Jerusalem Post nashrining yozishicha, Isroil armiyasi va razvedkasi bu qurollar Isroilga qarshi qoʻllanilishi mumkinligidan qoʻrqishadi.
Strategik qurollar qatoriga raketalar, kimyoviy qurollarni ishlab chiqarish va saqlash inshootlari, masalan, zarin, tanklar, zirhli transport vositalari va samolyotlar kiradi. Mintaqada shuningdek, turli xil yengil qurollar, qoʻlbola raketalar, oʻq-dorilar zaxiralari, raketalar va boshqa qurollarni ishlab chiqarish uchun infratuzilma obyektlari joylashgan.
Isroil armiyasi bu qurollarning muxolif kuchlar tomonidan qoʻlga olinishi sionistlar xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligidan xavotirda. Maqolada qayd etilishicha, muxolifat kuchlari ayni damda Asad rejimiga qarshi kurashga eʼtibor qaratgan boʻlsa-da, kelajakda ular oʻz niyatlari va kuchlarini Isroilga qarshi burishi mumkinligidan xavotirlar bor.