SAMARQAND, 21-DEKABR, 2024-YIL/MUHIM24: Samarqand shahrida tramvay, avtobus va ikkita avtomobil ishtirokidagi «avariya» bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan batafsil axborot berildi.
Holat joriy yilning 19-dekabr kuni, soat 14.05 lar atrofida Buyuk ipak yo‘li va Amir Temur nomli ko‘chalari chorrahasidagi svetofor oldida Tramvay vagoni, avtobus va ikkita yengil avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida tramvay vagoni va avtobusdagi yo‘lovchilar hech qanday jarohat olmagan, deyiladi munosabatda.
Shuningdek, “Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi” DK barcha yo‘l harakati ishtirokchilariga murojaat ham yo‘lladi.
«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” qarorining 10-bob, 69-bandida “Bir yo‘nalishdagi qatnov qismining chap tomonida u bilan bir sathda joylashgan tramvay izidan, shu yo‘nalishdagi boshqa bo‘laklar band bo‘lganda harakatlanishga, shuningdek aylanib va quvib o‘tishga, chapga burilish va qayrilib olishga ushbu Qoidalarning 56-bandini hisobga olgan holda ruxsat etiladi. Biroq bu tramvayga xalaqit bermasligi kerak. Qarama-qarshi yo‘nalishdagi tramvay izidan harakatlanish taqiqlanadi” deb ko‘rsatib o‘tilgan.
Sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz holat ham mazkur qoidaga bo‘ysunmaslik natijasida kelib chiqqan, deb hisoblaymiz.
Barcha yo‘l harakati ishtirokchilaridan, ya’ni avtomashina haydovchilaridan tramvay yo‘nalishlarida harakatlanadigan vagonlar yaqinlashib kelganda, ayniqsa, chorrahalar oldida tramvay izlarini band qilmasliklarini so‘rab qolamiz», deyiladi murojaatda.