Qor yog’ishi xalqimiz orasida xursandchilik bilan qarshi olinadi. Sababi yoqqan qor o’zi bilan qut-baraka olib keladi, arzonchilik bo’ladi, deyishadi. Ammo so’nggi yillarda aholi qishni va sovuq tushib qor yog’ishini yaxshi qarshilay olmayapti. «Yana yo’l haqqi oshadigan bo’ldida», deya sekin xo’rsinib qo’yishadi, odamlarimiz.
Barchamizga ma’lumki, Paxtachi tumani markazi va uning atrofidagi tashkilot hamda korxonalarga ishchi-xodimlar tumanning turli hududlaridan qatnab ishlashadi. Ularning asosiy qismiga xizmat transporti yo‘lga qo‘yilmagan. Tabiiyki, bu holatda ular cho‘ntagidan pul sarflab, ishga qatnashadi. Ishchilar o‘rtacha 3–5 mln so‘m maosh olishadi, yarimidan ko‘pi esa 2–3 mln so‘mga ham yetmaydigan oylikka qatnaydi. Bu ishchilarda jamoat transporti va yo‘nalishli taksilarga ehtiyoj bo‘lishi ham tabiiy. Ayniqsa, tumanning g‘arbiy tomonidan va qo‘shni Navoiydan qatnovchilar ham talaygina.
Bundan tashqari, har kuni qanchadan-qancha talabalar, o‘quvchilar va abituriyentlar ham aynan shu yo‘nalishlarga ehtiyoj sezishadi va foydalanadilar. Agar bularni hisobga olsangiz, Paxtachining jamoat transportiga bo‘lgan talabi yuqoriligi yaqqol seziladi. To‘g‘ri, bizda bu masalada muammo yo‘q — taksi xizmatlari va avtobuslar faoliyati uzluksiz yo‘lga qo‘yilgan. Ammo odamlarni masalaning boshqa tomoni ko‘proq qiynamoqda, ko‘pchilikning asabini ham buzayotgani, noroziliklar shakllanayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Mana, bir haftadan oshibdiki, Navoiy–Ziyovuddin yo‘nalishida qatnovchi yo‘nalishli taksilar, Damas va avtobuslar narxi biriga-bir ko‘tarilgan.
Jumladan:
- Avtobus — 8 000 so‘m (ilgari 5 000 so‘m);
- Yo‘nalishli mikroavtobuslar — 15 000 so‘m (ilgari 10 000 so‘m);
- Damas taksilari — 15 000 so‘m (ilgari 10 000 so‘m);
- Yo‘nalishli taksilar — 20 000 so‘m (ilgari 12 000–15 000 so‘m).
Guvohi bo’lganingizdek, yo’lkira 20-30 foizga ham emas, 50-60 foizgacha oshgan. Qiziq tomoni shundaki, bu borada biror rasmiy izoh yo‘q, faqat haydovchilarning o‘zi “metan zapravka”lardagi cheklovlarni vaj qilishadi. Xo‘sh, jamoat transportlari bo‘lgan avtobus va mikroavtobuschilar nega narxni oshirishdi?
Havo harorati pasayishi sababli metan zapravkalarga vaqtincha cheklov kiritilganidan xabarimiz bor. Lekin aynan shu cheklov haqidagi xabarda “aholi ehtiyojlarini ta’minlash maqsadida ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi hamda jamoat transport vositalari uchun gaz ta’minoti cheklovlarsiz, barqaror tarzda ta’minlanadi”, degan jumla ham bor edi-ku. Nega bu amalda bo‘lmayapti? Shundoq ham “svet” o‘chishi, qishning sovug‘idan qiynalayotgan aholiga endi bu ham bir yuk bo‘lsinmi?
Bu kabi yo‘l haqqining asossiz oshirilish holatlari har gal sovuq tushishi bilan bizda “trend”ga aylanyapti. Buni nazorat qiladigan tashkilot bormi, yoki bo‘lsa ham ishlamaydimi?
“PAXTACHI” gazetasi va “MUHIM24.uz” veb-sayti tahririyati bu masala yuzasidan quyidagi mas’ul tashkilotlardan rasmiy munosabat kutib qoladi:
Samarqand viloyati Transport boshqarmasi, Paxtachi tumani hokimligi mas’ullari, Paxtachi tumanidagi yo‘lovchi tashuvchi korxonalar, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.
Faqat munosabat emas, balki muammoni aholi foydasida hal etishsa bo‘lardi. Axir, Yangi O‘zbekistonda har bir islohot aholining farovon hayoti uchun xizmat qilishi qayta-qayta takrorlanmoqda!
