Samarqand, 12-fevral 2026 yil — Xabaringiz bor, kecha saytimiz sahifalari orqali Samarqandning «Dinamo» futbol klubi pedofillikda «o‘tirib chiqqan» futbolchini xarid qilganligi haqida xabar bergan edik.
«Dinamo» Samarqand futbol klubi matbuot xizmati ganalik futbolchi Kingsli Sarfo haqida ijtimoiy tarmoqlarda so‘nggi kunlarda tarqalayotgan mish-mishlar yuzasidan rasmiy bayonot e’lon qildi.
Klubning ma’lum qilishicha, 30 yoshli ganalik yarimhimoyachi Kingsli Sarfo bilan yanvar oyida bir yillik shartnoma imzolangan. Sarfo jamoaga erkin agent sifatida qo‘shilgan.
Bayonotda aytilishicha, klub shartnoma imzolashdan oldin futbolchining so‘nggi yillardagi sport faoliyatini chuqur tahlil qilgan. Biroq uning 9 yil avval (2017 yil) Shvetsiyada sodir bo‘lgan voqea haqida xabardor bo‘lmagan.
Esda tutish kerak: 2017 yilda Shvetsiyada Sarfo voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy aloqada bo‘lganlikda ayblanib, sudlangan edi. Shvetsiya qonunchiligiga ko‘ra, u 32 oy qamoq jazosiga hukm qilingan va keyinchalik 1 yil 10 oy o‘tab, ozodlikka chiqqan. Sarfoning o‘zi bu ishda qizning voyaga yetmaganligidan xabari bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Shundan keyin Sarfo Yevropada faoliyatini davom ettirib, Olimpiakos va APOEL kabi klublarda o‘ynagan, mamlakat chempioni bo‘lgan va Yevropa kuboglarida ishtirok etgan.
«Dinamo» PFK bu xabarlarning aynan shartnoma imzolanganidan uch hafta o‘tgach ketma-ket tarqatilishini “klub imijiga qaratilgan maqsadli harakat” deb baholamoqda hamda sha’nini himoya qilish uchun zarur qonuniy choralarni ko‘rishga tayyorligini ma’lum qildi.
