Qashqadaryoliklar bolalarini sel oqizib ketishidan xavotirda – Sergelidagi o‘xshash holatdan saboq olinmadimi?

“Muhim24” tahririyatiga Qashqadaryo viloyati, Koson tumani aholisidan videomurojaat kelib tushdi. Bolalar maktabga borishi uchun ko’prik kerak. Kosonlik mutasaddilar Sergelidagi holatdan saboq olishmadimi?

Unda ta’kidlanishicha, tumanning Raximso‘fi qishlog‘i aholisi qishloq hududidan o‘tuvchi kanalga yog‘ingarchilik mavsumida sel kelishi oqibatida ko‘prikni yuvib ketgan.
Mahalliy aholi eski Angar kanali deb ataydigan ushbu suv yo‘nalishida suv sathi ko‘tarilib, tumanning Raximso‘fi va Olachabod qishloqlarini bog‘lovchi qatnov yo‘lini yaroqsiz holatga keltirgan.

Aholi bu borada tuman mutasaddilariga hamda bir oy avval OAV orqali ham murojaatlar yo‘llagan, muammoni ko‘targan bo‘lsa-da, amaliy natija hali ham o‘z yechimini kutmoqda.

— Bu yo‘ldan qishloq bolalari maktabga qatnaydi. Ko‘prik buzilgani bois ular hammadan ham ko‘proq qiyinchilikka duch kelmoqda, — deydi murojaatchilar.

Murojaatchilar so‘zlarida davom etar ekan, har kuni bolalarni maktabga yuborishda yurak hovuchlab turishlarini, biror kor-holsiz kanalning buzilgan ko‘prik qismidan o‘tib olishlarini o‘ylashlarini aytishmoqda.
Maktab va bog‘chalar uchun aylanib o‘tiladigan ko‘prik mavjud, lekin masofasi ancha uzoq. Bir tomondan qariyb 4 km, ikkinchi tomondan esa 7 km keladigan uzunlik ular uchun katta qiyinchilik tug‘dirmoqda. Aholi hech bo‘lmaganda piyodalar uchun o‘tuvchi ko‘prik qurib berishlarini so‘rab, mutasaddilarning qadamini poylamoqda.

“Zamon” informatsion dasturining lavhasida suhbatda bo‘lgan Koson tumani hokimligi bosh mutaxassisi Oybek Boboyorov “ertagayoq ishlar boshlanadi” deb aytgan edi, ammo aholi hali ham natijani kutishmoqda.

Foto: «ZAMON» informatsion dasturidan screenshoot

Bu holat Toshkentning Sergeli tumanidagi yaqinda yuz bergan voqeaga juda o‘xshaydi. U yerda ham Junariq (yoki Salar) kanali ustidagi buzilgan ko‘prik (quvur) tufayli maktab o‘quvchilari xavfli o‘tishga majbur bo‘lgan, hatto bir bola kanalga tushib ketgan edi. Holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan aralashib, mahalliy hokimiyatning loqaydligini qattiq tanqid qilgan. Natijada vaqtincha ko‘prik tezda qurilgan va muammo hal etilgan.

Bundan ko’rinib turibdiki, kosonlik mutasaddilar yuqoridagi kabi holatlardan kerakli xulosani chiqarishmagan ko’rinadi.

“Muhim24.uz” sayti tahririyati ushbu holat bo‘yicha tegishli mutasaddilardan vaziyatga real baho berib, rasmiy munosabat bildirishlarini so‘rab qoladi. Shunisi aniqki, bu holat ortidan biror noxush voqea yuz bermasidan oldin tezroq amaliy yechim topsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi – xuddi Sergelidagi kabi.