«Siti» himoyachisi Husanov Milliy olimpiya shaharchasiga keldi

«Siti» himoyachisi Husanov Milliy olimpiya shaharchasiga keldi

Sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari rahbariyati futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, ayni paytda Angliyaning “Manchester Siti” klubi sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz Abduqodir Husanov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Foto: olympic.uz

Futbolchining otasi ham ishtirok etgan mazkur muloqotda uning faoliyatidagi soʻnggi yangiliklar va istiqboldagi rejalari atroflicha muhokama markazida boʻldi.

Uchrashuv davomida asosiy e’tibor Abduqodir Husanovning jahon chempionati saralash oʻyinlari oldidan olib borayotgan individual tayyorgarlik jarayoniga qaratildi. Sohaga mas’ul mutasaddilar futbolchimizni yaqinda “Manchester Siti” tarkibida qoʻlga kiritgan dastlabki nufuzli sovrini — Angliya liga kubogi bilan muborakbod etib, oldinda kutib turgan Angliya premyer-ligasi chempionligi va Angliya kubogi finalida unga zafarlar tilashdi.

Oʻz navbatida, Husanov dunyoning eng kuchli klublaridan birida optimal sport formasini saqlab turish uchun olib borilayotgan mashgʻulotlar tizimi haqida ma’lumot berib oʻtdi.

Samimiy ruhda oʻtgan suhbatdan soʻng, futbolchi poytaxtimizdagi Sport akademiyasi va barpo etilayotgan “Olimpiya shaharchasi” majmuasiga tashrif buyurdi. Abduqodir Husanov shaharchadagi infratuzilma, sportchilar va mehmonlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar hamda keng koʻlamli imkoniyatlar bilan yaqindan tanishib, loyihaga yuqori baho berdi.