Yangi 2026–2027-o‘quv yili arafasida O‘zbekiston umumta’lim maktablarining 1-sinfiga qabul jarayoni boshlanmoqda. Tizimni raqamlashtirish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida joriy etilgan yangi tartibga ko‘ra, endilikda ota-onalar ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, masofadan turib ariza topshirishlari mumkin.
Mazkur jarayon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6269 va PF-6079-sonli farmonlari hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 14-iyuldagi 439-sonli qarori bilan tartibga solinadi. Unga ko‘ra, 2019-yilda tug‘ilgan farzandlar uchun arizalar my.maktab.uz elektron platformasi orqali onlayn tarzda qabul qilinadi. Onlayn tizimdan foydalanishda qiyinchilikka duch kelgan ota-onalarga maktab ma’muriyatlari amaliy yordam ko‘rsatishi belgilangan.
Qabul bosqichlari va muddatlari:
-
20-iyundan 31-iyulga qadar: Biriktirilgan mikrohudud (yashash joyi) doirasida;
-
1-avgustdan 31-avgustga qadar: Mikrohududdan tashqari qo‘shimcha hududlar. Masalan, 21-sonli maktabning rus tili guruhlariga o‘qish istagida bo‘lganlar uchun.
Amaldagi tartibga muvofiq, 1-sinfga faqat 2019-yilda tug‘ilgan (7 yoshga to‘lgan) bolalar qabul qilinadi. Mutaxassislar bolaning maktabga tayyorligida nafaqat savodxonlikni, balki uning ijtimoiy-psixologik moslashuvchanligini ham inobatga olishni tavsiya etadilar. Qabul uchun bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi va tibbiy ma’lumotnomalar talab etiladi.
K.T. Xalilova, 21-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori.
