Bir asrlik maktab: Paxtachidagi ta’lim dargohi yubileyini nishonladi!

Bir asrlik maktab: Paxtachidagi ta’lim dargohi yubileyini nishonladi!

Kecha, 29-aprel kuni Paxtachi tumani nafaqat bir ta’lim maskanining yubileyini, balki butun bir mintaqaning ma’rifat va madaniyat tarixini o‘zida jamlagan maskanning shodiyonasini qarshi oldi, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi.

Avvalgi tarix zarvaraqlarida Akademik Toshmuhammad Niyozovich Qori-Niyoziy nomi bilan atalgan 36-sonli umumta’lim maktabi tashkil etilganining 100 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanalar tuman hayotida yilning eng muhim voqealaridan biriga aylandi. Keling, bugungi bayram shodiyonalariga to‘xtalish avvalida, bu maktabning shu bir asrlik yo‘liga ham qarab qo‘ysak.

Maktab tarixi o‘tgan asrning murakkab va ziddiyatli davrlariga borib taqaladi. 1926-yilda, respublikamizda chala savodlikni bitirish harakati keng yoyilgan bir vaqtda, hududdagi xonadonlarning birida ilk kurslar tashkil etildi. O‘shanda lotin alifbosida savod chiqarishni boshlagan 50 nafar tinglovchi bugungi ulkan ilm dargohining ilk qaldirg‘ochlari edi. Ayni shu voqealar 1926-yillarga borib taqaladi.

1929-1930 o‘quv yillarida maktabning dastlabki to‘rtta xonasi qurib bitkazildi va Karim Mamatov rahbarligida ilk rasmiy sinflar o‘z faoliyatini boshladi. Yillar o‘tib, 1940-yilda yetti yillik, 1970-yilda I.V. Michurin nomidagi sakkiz yillik maktabga aylantirilgan muassasa, 1973-yilda Paxtachi tumani tashkil topgach, atoqli o‘zbek matematigi, akademik Toshmuhammad Niyozovich Qori-Niyoziy nomini oldi va to‘laqonli o‘rta maktab maqomiga ko‘tarildi.

Bugun 36-sonli maktab zamonaviy ta’limning barcha talablariga javob beradigan ulkan majmuadir. 22 ming kvadrat metr maydonni egallagan muassasada 862 o‘rinli o‘quv binosi qad rostlagan.

Raqamlar gapirganda:

Bugun maktabda 978 nafar yosh avlod vakillari ilm cho‘qqilarini zabt etmoqda.

75 nafar yuqori malakali pedagog, jumladan, 1 nafar «Xalq maorifi a’lochisi», 13 nafar oliy toifali va 21 nafar birinchi toifali mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, 5 ta sport, 10 ta kasbiy-ijodiy va 47 ta fan to‘garagi faoliyat ko‘rsatib, 900 nafardan ortiq o‘quvchini qamrab olgan.

Ilmning «baza»si bo‘lmish kutubxonaga ham to‘xtalsak. maktab kutubxonasi 2237 dan ortiq badiiy asarlar bilan o‘quvchilarning ma’naviy olamini boyitib kelmoqda.

Maktab jamoasi yubiley yilini mislsiz yutuqlar bilan qarshi oldi. Birgina 2025-2026-o‘quv yilida 8 nafar o‘qituvchi va 73 nafar o‘quvchining xalqaro hamda milliy sertifikatlarga ega bo‘lgani jamoaning yuksak salohiyatidan dalolat beradi. «MUHIM24.uz» jamoasi ayni shu yutuqlar borasida sizning e’tiboringizga lavha ham taqdim etgandi.

Sport maydonlarida ham 36-maktab bayrog‘i baland hilpiramoqda. 11-sinf o‘quvchisi Kamron Tog‘ayevning milliy kurash bo‘yicha respublika bosqichida faxrli 3-o‘rinni egallashi, voleybolchi qizlarning Samarqand va Navoiy viloyatlari saralash bosqichlaridagi g‘alabalari, shuningdek, shaxmat, tennis va «Quvnoq startlar»dagi muvaffaqiyatlar bayramga munosib sovg‘a bo‘ldi. Intellektual yo‘nalishda «Jadidlar izidan» va «Navoiyni anglash» tanlovlaridagi sovrinli o‘rinlar maktabning ma’rifiy poydevori naqadar mustahkamligini ko‘rsatdi.

Bugungi kunda maktabda Sanjar Xidirov direktorlik lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan maktabning sobiq direktori Xushmurod Hakimov, tuman ma’rifatparvarlar jamiyati raisi Azim Ochilov, viloyat prokuratura xodimi Nazirjon Shukurov va boshqa nufuzli mehmonlar maktabning bir asrlik yo‘lini «sharaf va mashaqqat yo‘li» deb atashdi.

Xususan, «Veteran» jangchi faxriylar birlashmasi raisi o‘rinbosari Nuriddin Boboyev hamda nafaqadagi harbiy O‘tkir Janiyevlarning ishtiroki tadbirga vatanparvarlik ruhini baxsh etdi. Shoir O‘lmasbek Samarqandiyning maktab va ustozlarga bag‘ishlangan otashin satrlari barchaning ko‘nglidan chuqur joy oldi.

Mehmonlarning deyarli barchasi yubileyga quruq qo‘l bilan kelishmagan. har biri kitoblar to‘plami, faxriy yorliqlar-u, tashakkurnomalarni maktab jamoasiga topshirdilar.

Bir asr — bu nafaqat vaqt o‘lchami, balki avlodlar almashinuvi, ilm va tajriba uzviyligi demakdir. 36-sonli maktab o‘zining 100 yilligini nafaqat faxrli o‘tmish, balki porloq kelajak rejalariga ega bo‘lgan zamonaviy dargoh sifatida nishonladi.

«PAXTACHI» gazetasi va «MUHIM24.uz» veb-sayti tahririyati ushbu qutlug‘ sana bilan barcha bitiruvchilarni, ustozlarni va bugungi o‘quvchilarni samimiy qutlaydi. Bir asrlik bilim chirog‘i hech qachon so‘nmasin!