Xabaringiz bor, joriy yilning 30-aprel kuni Ziyovuddin shaharchasida Xalq deputatlari Paxtachi tumani Kengashining navbatdagi yettinchi chaqiriq 26-sessiyasi o‘tkazilgandi.
Hududning ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘lgan mazkur yig‘ilishda tuman hokimligi vakillari, deputatlar hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishib, tuman rivoji yo‘lida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qilishdi. Sessiya kun tartibiga asosan tuman ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar, infratuzilma jamg‘armasi mablag‘larini yo‘naltirish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash kabi yo‘nalishlar kiritildi.

Sessiyaning asosiy qismida tuman hokimi Qayum Xushbaqovning 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi. Hisobotda qayd etilganidek, o‘tgan davrda tumanda iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror rivojlantirish, sanoat ishlab chiqarish hajmini oshirish, qishloq xo‘jaligida islohotlarni chuqurlashtirish va aholi bandligini ta’minlash borasida muayyan natijalarga erishilgan. Biroq, tuman rahbari va deputatlar mavjud muammo va kamchiliklarni tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidlashdi. Shu bois, kelgusi faoliyat uchun tuman hokimining barcha o‘rinbosarlari oldiga aniq muddatli va manzilli vazifalar yuklatildi.
Xususan, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari U.Arnaqulov zimmasiga sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida o‘sish sur’atlarini ta’minlash, soliq bazasini kengaytirish hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tizimli ishlarni kuchaytirish vazifasi topshirildi. Shuningdek, 2026-yil 1-iyunga qadar yalpi hududiy mahsulot hajmini oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish belgilandi. Qurilish va infratuzilma bo‘yicha mas’ul S.Qilichevga esa tumandagi qurilish va rekonstruksiya ishlarini xatlovdan o‘tkazish, ijtimoiy soha hamda infratuzilma obyektlarida sifat nazoratini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Investitsiya loyihalarini tahlil qilish va yangi iqtisodiy yo‘nalishlarni shakllantirish bo‘yicha M.Abdinabiyev, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat hamda yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha D.Napasov, qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va hosildorlikni oshirish bo‘yicha G‘.Absanov hamda xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha I.Juraqulovaga qat’iy topshiriqlar yuklatildi. Bu vazifalar ijrosi nafaqat hujjatlarda qolib ketmasligi, balki amaliy natijalar bilan ko‘rsatilishi lozimligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Sessiya doirasida jamoat xavfsizligini ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i mayor S.Jabborov 2026-yilning dastlabki 3 oyi davomida hududda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Deputatlar tomonidan jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha takliflar bildirildi. Yakunda qabul qilingan qarorlar ijrosi yuzasidan nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining barcha doimiy komissiya raislari zimmasiga yuklatildi va hujjat qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.
Tahririyat
