So‘nggi uch oydan buyon “Fay” mahallasi aholisi nafas olishga qo‘rqib qolgan. Sababi — bitmayotgan yo‘l, tinmayotgan og‘ir yuk texnikalari va ko‘kka sapchiyotgan quyuq chang-to‘zon…
“Muhim24.uz” tahririyatiga mahalla ahlidan yo‘llangan murojaat nafaqat bir hududning, balki mas’uliyatsizlikning achchiq ko‘rinishinimi, degan savollarni shaklantirmoqda.
Mahalladan Qarnobota qishlog‘iga muhim ahamiyatli yo‘l o‘tgan. Aholi bir vaqtlar shu yo‘lning o‘nqir-cho‘nqirligidan azob chekardi. Tuman markazidan biror taksi u tomonga borishga hozirgacha ham injiladi. Endichi.. Endi va nihoyat bu yo‘l hukumatimiz eʼtiboriga tushdi, taʼmirlashga mablag‘ ajratilib, ishlar allaqachon bosh yo‘lga tushdi.
Mahalla hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lining kapital ta’mirlanishi, aslida, aholi uchun katta quvonch bo‘lishi kerak edi. Ammo rejasiz ish va ekologik me’yorlarga amal qilmaslik bu quvonchni haqiqiy ekologik fojiaga aylantirdi. Ushbu yo‘l nafaqat aholi punktini, balki qo‘shni tumanlarni ham bog‘laydi. Bugun esa bu yo‘ldan o‘tayotgan o‘quvchilar maktabga changga botib bormoqda. Ularning o‘pkalari esa qurilish korxonalarining “foydasi” evaziga chang yutishga mahkum.
Ha, bu qishloq aholisi orasida aynan shu yo‘l yoqasida yashovchilar ham talaygina. Bir borsangiz, u yerdagi chang hatto qishloqning adirlaridan ham ko‘rinib turadi.
Aholi punktidagi chang miqdori sanitariya me’yorlaridan bir necha barobar oshib ketgan.
Buning asosiy sabablaridan biri — Qarnabota yo‘nalishidagi korxonalarning o‘ta og‘ir yuk mashinalari yo‘lni muttasil changitmoqda.
Qoidaga ko‘ra, qurilish ketayotgan hududda chang bosish ishlari (suv sepish) muntazam olib borilishi shart. Biroq, bu ishlar go‘yo “hashar” yo‘li bilan, kimdir qattiqroq murojaat qilgandagina amalga oshirilmoqda. Bu ham beshta barmoqqa ham yetmaydigan sanoqda.
«Mas’ullar biz bilan shu muhitda yashamaydi, shuning uchun dardi-holimizni tushunmaydi. Agar o‘zlari shu yerda yashaganida, kuniga 7 mahal suv septirgan bo‘lishardi», — deydi mahalla faollaridan biri.
Tibbiyot mutaxassislarining ogohlantirishicha, bunday quyuq changli muhitda uzoq vaqt qolish nafaqat allergik kasalliklarni, balki surunkali bronxit, asma va hatto jiddiy o‘pka kasalliklarini keltirib chiqaradi. Ayniqsa, yosh bolalar va keksalarning immuniteti bu “hujum”ga dosh bera olmayapti.
Haydovchilarning loqaydligi — olovga moy
Muammo faqat quruvchilarda emas. Aholi punkti va maktab atrofida tezlikni pasaytirmayotgan haydovchilar ham vaziyatni og‘irlashtirmoqda. Har bir o‘tilgan mashina ortidan ko‘tarilgan chang buluti mahalla uylari ichigacha kirib bormoqda.
Aholi nima talab qiladi?
Fay mahallasi aholisi mas’ullardan quyidagilarni zudlik bilan bajarishni so‘raydi:
Muntazam sug‘orish: Yo‘lga kuniga kamida 3 mahal rejaviy suv sepish tizimini yo‘lga qo‘yish;
Yo‘nalishni o‘zgartirish: Og‘ir yuk mashinalari harakatini maxsus sanoat yo‘llariga ko‘chirish;
Nazorat: Yo‘l qurilishi muddatlari va sifatini jamoatchilik nazoratiga olish.
“MUHIM24.UZ” tahririyati ushbu vaziyat yuzasidan tegishli tuman hokimligi va ekologiya boshqarmasidan rasmiy munosabat kutib qoladi.
Qishloq o‘zimizniki, sog‘lik o‘zimizniki! Biz toza havodan nafas olish huquqimizdan mahrum bo‘lishni istamaymiz!
