Ozoda Nursaidovaning Navoiydagi konsertida muxlisa guldastani otib yubordi – voeaga izoh olindi

Ozoda Nursaidovaning Navoiydagi konsertida muxlisa guldastani otib yubordi – voeaga izoh olindi

Navoiy shahrida 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan va 65 mingga yaqin tomoshabinni jamlagan bayram festivali ortidan ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs-munozaralar tarqaldi. Tarmoq foydalanuvchilari e’tiborini tortgan videoda bir fuqaro festivalning yulduzli mehmoni — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozoda Nursaidovaga guldasta taqdim eta olmagach, uni xonandaning ortidan otib yuborgani aks etgan.

Ushbu holat yuzasidan jamoatchilik orasida «xonandaning kibrga berilgani», yana ayrimlarda «qo‘riqlash xizmati xodimlarining qo‘pollik qilgani» haqidagi taxminlar ko‘paygach, «MUHIM24.uz» tahririyati voqeaga oydinlik kiritish maqsadida Navoiy viloyati hokimligi Axborot xizmati rahbari – viloyat hokimining matbuot kotibi Shohira Hamro bilan bog‘landi.

Voqea guvohi bo‘lgan Shohira Hamroning tahririyatimizga ma’lum qilishicha, tarmoqlarda shov-shuv bo‘lganidek hech qanday jiddiy janjal yuz bermagan, balki har ikki tomonlama tushunmovchilik sodir bo‘lgan:

«Vaqt yarim kechaga yaqinlashgan edi, konsert dasturi yakunlanib, xonanda ketayotgan vaqtda muxlislar oqimi odatdagidek suratga tushish va avtograf olish uchun yopirildi. Qo‘riqlash xizmati o‘z vazifasini bajarib, tartibni saqlash maqsadida barcha qatori o‘sha gul ko‘targan qizni ham to‘xtatib turgan. Ozoda Nursaidova mashinaga shoshayotgan edi, ustiga-ustak u turgan hudud nim qorong‘i va odamlar ko‘p bo‘lgani sababli, xonandaning guldastadan mutlaqo xabari bo‘lmagan. Gul ko‘targan qizning esa kutishga asabi chidamay, guldastani otib yuborib ketgan. Men ushbu guldastani xonandaning singlisiga yetkazib qo‘ydim».

Matbuot kotibi Toshkentdan kelgan san’atkorlarning xavfsizligini hamda 65 minglik ommaviy tadbirning tinch o‘tishini ta’minlagan qo‘riqlash xizmati xodimlarining harakatlariga to‘g‘ri baho berish lozimligini eslatib o‘tdi hamda birgina ushbu lahzali video sabab butun bir bayram fayzini buzmaslikni so‘radi.

Shohira Hamro o‘z xizmat vazifasidan tashqari, ko‘p yillar davomida ijodkorlar muhitida faoliyat yuritgan jurnalist sifatida ham o‘z shaxsiy fikrini bildirib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, muhlislarga bo‘lgan e’tibor har doim birinchi o‘rinda turishi kerak:

«Faoliyatining asosiy qismi ijodkorlar orasida o‘tgan jurnalist sifatidagi fikrim esa — el ichida taniqli ijodkor xalq ichiga kirdimi, muxlislarga suratga tushish, guldastalar olish uchun hech bo‘lmasa 10 daqiqa vaqt ajratishi kerak deb o‘ylayman», deydi Shohira Hamro.