«Kuydiradigan anomal issiq»: bu xabar qanchalik haqiqat?

«Kuydiradigan anomal issiq»: bu xabar qanchalik haqiqat?

So‘nggi kunlarda mahalliy va mintaqaviy ijtimoiy tarmoqlar segmentida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bayonotlariga tayanib, «o‘limga olib keluvchi anomal issiq to‘lqinlari yaqinlashayotgani» haqidagi turli klikbeyt xabarlar tarqalmoqda. Mazkur axborotlar aholi o‘rtasida asossiz xavotir va tushunmovchiliklarni keltirib chiqardi. «MUHIM24.uz» tahririyati ushbu xabarlarning huquqiy va statistik asoslarini tahlil qilib chiqdi.

JSST bayonotida aslida nima degandi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi rahbari Xans Klyuge haqiqatan ham mintaqadagi iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha rasmiy chiqish qilgan. Biroq tashkilot o‘z hisobotida biron bir hududda fundamental halokatli anomaliya yuz berishini prognoz qilmagan, balki uzoq yillik statistik ma’lumotlarni eslatib o‘tgan, xolos.

Unga ko‘ra, JSSTning Yevropa mintaqasiga a’zo mamlakatlarda har yili yuqori havo harorati oqibatida o‘rtacha 175000 kishi vafo etadi. JSST rahbariyati global ko‘rsatkichlarni pasaytirish maqsadida a’zo davlatlarni Milliy harakat rejalarini faollashtirishga chaqirgan. Ta’kidlash joizki, infratuzilmasi salqin iqlimga moslashgan Yevropa davlatlari uchun +40°C darajali issiq jiddiy sinov hisoblansa-da, Markaziy Osiyo hududi uchun bu an’anaviy yozgi iqlimiy jarayon (chilla) hisoblanadi.

«O‘zgidromet» agentligining rasmiy prognozichi?

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yoz mavsumida respublika bo‘yicha o‘rtacha harorat +40°C… +43°C darajani tashkil etadi. Hududning o‘ziga xos geografik joylashuvidan kelib chiqib, janubiy va cho‘l zonalarida ko‘rsatkichlar +44°C… +45°C darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Sinoptiklar va soha mutaxassislari mazkur harorat ko‘rsatkichlari mamlakatimiz iqlim normativlariga to‘liq mos kelishini va vahima uyg‘otishga hech qanday ilmiy asos yo‘qligini qayd etishmoqda.

Anomal harorat sharoitida surunkali kasalliklari bor bemorlar va keksalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida shifokorlar quyidagi profilaktik choralarga rioya qilishni qat’iy so‘rashadi:

  1. Xavf guruhini muhofazalash: Keksa yoshdagi fuqarolar, yurak-qon tomir kasalligiga chalinganlar va yosh bolalarning quyosh insolyatsiyasi eng yuqori bo‘lgan soatlarda (11:00 dan 17:00 gacha) ko‘chaga chiqishlarini cheklash.

  2. Gidratatsiya balansi: Organizmning suvsizlanishini oldini olish uchun kun davomida gazlanmagan iliq suv ichish. Tarkibida shakar va alkogol bo‘lgan ichimliklar diurezni tezlashtirib, organizm suvsizlanishini kuchaytiradi.

  3. Mikroiqlimni saqlash: Kunduzgi vaqtda xonalardagi parda va jalyuzilarni yopiq holda saqlash, shamollatish ishlarini esa harorat pasaygan tungi va erta tonggi soatlarda amalga oshirish.

  4. Jismoniy yuklamalarni cheklash: Og‘ir mehnat va sport faoliyatini kunning nisbatan salqin davrlariga ko‘chirish.

Tahririyat jamoatchilikni ijtimoiy tarmoqlardagi asossiz, manipulyatsiyaga asoslangan xabarlarga chalg‘imaslikka, faqat rasmiy va tekshirilgan axborot manbalariga ishonishga chaqiradi.