Navoiyda maktab maslahatchisi bo‘lish uchun kurash qizg‘in davom etmoqda!

Navoiyda maktab maslahatchisi bo‘lish uchun kurash qizg‘in davom etmoqda!

Navoiy viloyatida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining boshqaruv va maslahat tizimini takomillashtirish maqsadida maktab maslahatchisi lavozimiga nomzodlarni saralash jarayonlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Ayni paytda tasdiqlangan reja-grafik asosida tanlovning 2-mavsum, 2-suhbat bosqichi qizg‘in pallaga kirdi.

Suhbatlarning dastlabki uch kuni yakunlariga ko‘ra, viloyat miqyosida jami 207 nafar nomzod komissiya sinovidan o‘tdi. Mazkur jarayonda nomzodlarning:

  • Kasbiy bilim darajasi va sohaga oid amaliy ko‘nikmalari;

  • Strategik fikrlash hamda liderlik salohiyati maxsus tuzilgan komissiya a’zolari tomonidan atroflicha baholandi.

Bugun, suhbat jarayonlarining to‘rtinchi kunida navbatdagi talabgorlarning kasbiy kompetensiyalari, muloqot madaniyati va metodikasi hamda yoshlar audiotoriyasi bilan ishlash bo‘yicha salohiyati ko‘rib chiqilmoqda. Ekspertlar ushbu bosqich maktablarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirishda eng munosib kadrlarni saralab olishga xizmat qilishini ta’kidlashmoqda.

Tanlovda ishtirok etayotgan mutaxassislar o‘zlariga ajratilgan suhbat sanasi, aniq vaqti va manzili bilan bog‘liq ma’lumotlarni uzluksiz ravishda tanlov.uzedu.uz rasmiy elektron platformasidagi shaxsiy kabinetlari orqali kuzatib borishlari hamda ma’lumotlarni qayta tekshirib olishlari tavsiya etiladi.

Shahzod AKMALOV, Navoiy viloyati «Kelajak» markazi axborot xizmati rahbari