«MUHIM24.UZ» / XORIJ / 19-avgust: «Tayvan hukumati sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi va iqtisodiy o‘sish natijasida olingan «dividend» sifatida mamlakatning har bir fuqarosiga 314 AQSh dollaridan to‘lab berish qarorini qabul qildi. Ushbu bir martalik moliyaviy ko‘makni 23 milliondan ortiq aholi vakillari qabul qilib oladi.
Bunday ommaviy qo‘llab-quvvatlash amaliyoti 2025-yilda ham kuzatilgan edi. Biroq o‘sha paytda bu chora «Tramp tariflari» keltirib chiqargan xatarlarga qarshi aholi xarid qobiliyatini saqlab qolish maqsadida amalga oshirilgan — vaholanki, mamlakat iqtisodiyoti o‘sha yili ham 8,8 foiz kabi yuqori ko‘rsatkichda o‘sishni qayd etgan edi. Joriy yilda esa orol-davlatda so‘nggi 40 yillikdagi eng yuqori rekord — 11 foizlik iqtisodiy o‘sish taxmin qilinmoqda.
Xalqaro hamjamiyatda Tayvan haqli ravishda «dunyoning chiplar poytaxti» unvoniga ega. Mamlakatdagi yarimo‘tkazgich va chip ishlab chiqaruvchi ulkan quvvatlar Apple, Nvidia hamda AMD kabi dunyoning eng yetakchi IT-kompaniyalari mahsulotlari uchun asosiy texnologik baza vazifasini o‘tab kelmoqda. Sun’iy intellekt BUMi sababli ushbu komponentlarga bo‘lgan talabning keskin ortishi Tayvan iqtisodiyotining mislsiz sur’atlarda rivojlanishiga zamin yaratdi.
