20-avgustga o‘tar kechasi Rossiya harbiylari Ukraina poytaxti Kiyevga bir nechta yo‘nalishdan birdaniga raketa zarbalarini berdi. Mahalliy aholi buni urush davridagi eng kuchli portlashlardan biri deb ta’riflamoqda.
Ukraina Havo kuchlari hamda OSINT tahlilchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalar birdaniga bir nechta yo‘nalishlardan, turlicha trayektoriyaga ega bo‘lgan ballistik va giperovozli raketalar orqali amalga oshirildi. Hujumning dastlabki 20 daqiqasida Kiyev tomonga yo‘naltirilgan kamida 15–16 ta og‘ir ballistik va giperovozli raketalarning harakati qayd etilgan. Hujum davomida Rossiyaning «Iskander-M» ballistik majmualari, Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan «KN-23» raketalari hamda 5 dan 8 tagacha «Zirkon» giperovozli raketalari qo‘llanilgani ta’kidlanmoqda. Bir vaqtning o‘zida Qora dengiz hamda Novorossiysk hududidagi harbiy kemalardan «Kalibr» qanotli raketalari ham uchirilgani ma’lum qilindi.
Kiyev shahar meri Vitaliy Klichko hamda Harbiy ma’muriyatning ma’lum qilishicha, raketalarning urilishi va ularning bo‘laklari tushishi oqibatida shaharning bir nechta tumanlarida infratuzilmada va fuqarolik ob’ektlarida yong‘inlar kelib chiqqan. Xususan, Solomianskiy tumanida bolalar shifoxonasi binolariga zarar yetgan va boshpanada odamlar qolgan bo‘lishi mumkinligi xabar qilingan. Svyatoshinskiy tumanida ishlab chiqarish va omborxona majmualarida yirik yong‘inlar yuzaga kelgan bo‘lsa, Darnitskiy tumanida turar joy bo‘lmagan binolar va inshoatlarga shikast yetgan. Hozirda favqulodda xizmatlar xodimlari vayronagarchiliklarni bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish ishlarini olib bormoqda.
