Bentu Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiylik qilishni rad etdi

Bentu Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiylik qilishni rad etdi

Portugaliyalik mashhur murabbiy Paulu Bentu, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritganiga qaramay, uni boshqarishdan voz kechdi.

Portugaliyaning “A Bola” nashrining xabar berishicha, murabbiy taklif etilgan shartlar oʻz faoliyatining hozirgi bosqichidagi rejalarga mos kelmasligini maʼlum qilgan.

Avvalroq ham ikki mashhur murabbiy — Germaniya terma jamoasining sobiq ustozi Yoaxim Lyov va Turkiya termasi bosh murabbiyi boʻlgan Fotih Terim ham xuddi shunday taklifni rad etgandi.

Bentuning karyerasi

Paulu Bentu (Paolo Jorge Gomes Bento) — portugaliyalik futbol murabbiyi va sobiq futbolchi. Professional futbolda toʻp surgan paytlarda Paulu tayanch yarim himoyachi sifatida faoliyat yuritgan, toʻpni tortib olish va oʻyinni boshqarish uning asosiy fazilatlari boʻlgan. Futbolchilik faoliyatida Portugaliyaning “Estrela da Amadora”, “Vitoria de Gimaraes”, “Benfica” va “Sporting SP” jamoalarida, shuningdek Ispaniyaning “Real Oviedo” klubida oʻynagan. U Portugaliya terma jamoasida 35 ta oʻyinda ishtirok etib, 2000 yilgi Yevropa chempionati va 2002 yilgi Jahon chempionatida qatnashgan.

Murabbiylik faoliyatini 2005 yilda boshlagan. “Sporting SP”, “Olympiakos”, “Cruzeiro”, “Chonqing Lifab” kabi klublar hamda Portugaliya, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoalarini boshqargan. Eng yirik yutuqlaridan biri — 2012 yilda Portugaliya terma jamoasini Yevro-2012 yarim finaliga olib chiqishi va 2022 yilgi Jahon chempionatida Janubiy Koreya terma jamoasini pley-off bosqichiga olib chiqishi boʻlgan. 2023 yilda BAA milliy terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan.