Rossiya prezidenti Vladimir Putin Pekinga tashrifi yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan matbuot anjumanida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni muzokaralar oʻtkazish uchun Moskvaga taklif etdi. Unga koʻra, AQSH prezidenti Donald Tramp ham bunday uchrashuvni qoʻllab-quvvatlagan. “Agar Zelenskiy tayyor boʻlsa, Moskvaga kelsin”, — dedi Putin.
Biroq u Zelenskiyning legitimligiga shubha bildirdi. Putin Ukraina Konstitutsiyasiga koʻra, prezidentning vakolati besh yilga belgilanganini, u muddat tugaganini va harbiy holat vakolatni uzaytirish asosi boʻlmasligini taʼkidladi. Uning fikricha, rahbarlik vakolati spikerga oʻtishi kerak edi.
Putin shuningdek, Ukraina hukumatini hududlar boʻyicha referendum oʻtkazishga chaqirdi. Ammo u bunday ovoz berish harbiy holatda mumkin emasligini tan oldi. “Bu yoʻl hech qayerga olib bormaydi”, — deya xulosa qildi u.
Ukraina rasmiylari bu tashabbusni rad etib, Kreml tinchlik emas, vaqtni choʻzishga harakat qilayotganini bildirdi. Zelenskiyning maslahatchisi Dmitriy Litvin bunday taklifni “putinchasiga aldash” deb atadi Ukraina tashqi ishlar vaziri.
Ukraina prezidenti Zelenskiy muzokaralarga tayyor ekanini bildirgan, ammo uchrashuvni Tramp va boshqa xalqaro ishtirokchilar ishtirokida oʻtkazishni maʼqul koʻrgan. Unga koʻra, Kreml haligacha jiddiy munosabat bildirmayapti.