Manchester, 4-sentabr – «Manchester Siti» futbol klubi Yevropa qit’asining eng nufuzli xalqaro musobaqasi – UEFA Chempionlar Ligasining 2025-2026 yilgi mavsumi uchun 25 nafar futbolchidan iborat qaydnomasini turnir bosh tashkilotchisi UEFAga taqdim etdi.
E’tiborli jihati, ro’yxatdan yozgi transfer oynasida jamoaga qo’shilgan Janluiji Donnarumma, Rayan Ait-Nuri, Markus Bettinelli, Rayan Sherki, Tijani Reynders va Jeyms Trafford kabi futbolchilar ham joy oldi.
Shuningdek, bosh murabbiy Xosep Gvardiola yangi mavsumda Chempionlar Ligasida O’zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovga ishonch bildiradigan bo’ldi.
«Manchester Siti»ning UEFA Chempionlar Ligasi uchun qaydnomasi quyidagicha ko’rinish oldi:
-
Rayan Ait-Nuri
-
Natan Ake
-
Markus Bettinelli
-
Oskar Bobb
-
Rayan Sherki
-
Ruben Diash
-
Jeremi Doku
-
Janluiji Donnarumma
-
Fil Foden
-
Niko
-
Yoshko Gvardiol
-
Erling Xoland
-
Rodri
-
Abduqodir Husanov
-
Mateo Kovachich
-
Omar Marmush
-
Mateus Nunes
-
Shtefan Ortega
-
Teyani Reynders
-
Savio
-
Bernardu Silva
-
Jon Stouns
-
Jeyms Trafford
-
Riko Lyuis
-
Niko O’Rayli
«Manchester Siti» Chempionlar Ligasi yangi mavsumining umumiy guruh bosqichida «Borussiya Dortmund», «Real Madrid», «Bayer», «Vilyarreal», «Napoli», «Budyo-Glimt», «Galatasaroy» va «Monako» jamoalariga qarshi o’ynaydi. Ushbu bahslarning 4 tasiga «Etihad» stadioni mezbonlik qilsa, qolgan to’rttasi raqiblar maydonida tashkil etiladi.
Eslatib o’tamiz, UEFA o’tgan 2024-2025 yilgi mavsumdan boshlab, Chempionlar Ligasini yangi formatda o’tkazib kelmoqda. Endilikda turnirning umumiy guruh bosqichida 36 ta jamoa ishtirok etadi. Har bir klub guruh bosqichda sakkizta o’yin o’tkazadi. Umumiy bosqich yakunlariga ko’ra, eng yuqori 8 ta o’rinni egallagan jamoalar to’g’ridan-to’g’ri 1/8 finalga yo’l oladi. 9–24-o’rinlarni egallagan jamoalar esa pley-off yo’llanmasi uchun qo’shimcha ikkita o’yin o’tkazadi.
Ta’kidlash joizki, Abduqodir Husanov Evropa Chempionlar Ligasida o’ynash tajribasini to’playotgan o’yinchilardan hisoblanadi. 21 yoshli legionerimiz ushbu nufuzli musobaqada Frantsiyaning «Lans» safida «Arsenal» va «Sevilya»ga qarshi to’p tepgan bo’lsa, «Manchester Siti» vakili sifatida «Santyago Bernabeu»da «Real» bilan bahsda ishtirok etgan.