Toshkentda ovqatdan zaharlanish kuzatilgan kafe faoliyati to’xtatildi

Toshkentda ovqatdan zaharlanish kuzatilgan kafe faoliyati to’xtatildi

Toshkentdagi “Muhteshem Doner” restoranida ommaviy zaharlanish yuz bergani aytilmoqda. 23 nafar jabrlanuvchilar shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: Pixabay

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining rasmiy munosabatiga ko’ra, 5-sentyabr kuni Yunusobod tumanida joylashgan “MUHTESHEM DONER” kafesida bir necha turdagi taomlarni isteʼmol qilgan 23 nafar fuqaro 6—8-sentyabr kunlari ovqatdan zaharlanish belgilari bilan Epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga (22 nafar) hamda Toshkent shahar 4-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga (1 nafar) joylashtirilgan.

Olib borilgan davolash muolajalari natijasida bemorlarning ahvoli yaxshilangan va 12-sentyabr soat 09.00 holatiga ularning 13 nafariga uyiga ruxsat berilgan. Qolgan 10 nafar bemorga davolash muolajalari davom ettirilmoqda va kasallik dinamikasida ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Barcha bemorlarning ahvoli qoniqarli holatda.

Hozirda Sanepidqoʻmning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “MUHTESHEM DONER” kafesi faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan. Isteʼmol qilingan oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlaridan namunalar olinib, laboratoriya tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Birlamchi epidemiologik surishtiruv natijalariga koʻra, zaharlanishga kafeda tayyorlangan sous (bemorlarning barchasi isteʼmol qilgan mahsulot) sabab boʻlgan boʻlishi mumkin degan xulosaga kelinmoqda.