Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani hokimining xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilfuza Toshmatova mahalla faollarini paxta terimiga majburlagani haqida xabarlar tarqaldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va audioyozuvlarda Toshmatova har bir faolga 5 nafardan odam topib, jami 150 kishini dalaga olib chiqish majburiyatini yuklagani va qarshilik ko‘rsatganlarni “vijdonsiz”, “noinsof” deb haqoratlagani aks etgan.
Toshmatova paxta dalasida: “Nega hali ham hech kim yo‘q? Ayolmisan-yo‘qmi, noinsof?! Vijdonsiz! Kelsang kel, ishlaging kelmasa, yo‘qol, ket!” deya faollarga qarata keskin so‘zlar ishlatgan. U, shuningdek, norma bajarilmasa, ariza yozib ketish mumkinligini, lekin ishni bajarish shartligini ta’kidlagan.
Surxondaryo viloyati hokimligi mazkur holatni viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov shaxsan nazoratga olganini, majburiy mehnatning har qanday shakli qoralanishini bildirdi. Tekshiruv davom etmoqda va qonunbuzarlik tasdiqlansa, qo‘shimcha choralar ko‘riladi.
Holatga Bandlik vazirligi ham munosabat bildirdi.
Unda keltirilishicha, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dilfuza Toshmatovaga BHMning 50 baravari miqdorida jarima qo’llanilgan.
Idora tekshiruv o‘tkazib, hodisa faktini tasdiqladi. Amaldorga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga asosan BHMning 50 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan. Ta’kidlash joizki, bu qonunchilikda ko‘zda tutilgan eng kam jazodir.
Majburiy mehnat MKning 5-moddasida taqiqlangan. Shuningdek, ushbu qilmish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga asosan BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, fuqarolarga 1176 yoki (71) -200-06-00 ishonch telefonlari orqali murojaat qilishlari mumkinligi eslatib o‘tildi va maxfiylik kafolati va’da qilindi.
Bundan tashqari, holat yuzasidan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi ham jim turmayapti. Mutasaddi idoralar holat zudlik bilan o‘rganib chiqilganini ma’lum qilib, aybdorlarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berishga va’da berishmoqda.