O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafotiga 9 yil to‘lishi munosabati bilan uning qizi Lola Karimova-Tillyaeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘jaga qarata javob yozdi. U Qudratxo‘janing “singlimiz” deb murojaat qilgani va otasining xotirasiga nisbatan noaniq munosabat bildirganlar haqida gapirdi.
Karimova o‘z postida:
“Men otamni hurmat qilmaydiganlarga singil emasman. Birinchi Prezident vafot etganiga 9 yil to‘lishi munosabati bilan qilgan postimga bema’ni reaksiya bildirishga buyurtma berganlarning baxtiga menda hech qanday siyosiy ambitsiya yo‘q. Shu bois ham hech qanday polemikaga kirish niyatim yo‘q”, deb yozdi.
U so‘zini rus maqoli bilan yakunlab: “Tinch turgan baloni qo‘zg‘atma”, dedi.
Eslatib o’tamiz, avvalroq O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja Birinchi Prezident Islom Karimovning vafotiga 9 yil to‘lishi munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan posti keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Qudratxo‘ja, Karimovning boshqaruv uslubi tufayli “minglab taqdir-u qismatlar sinib ketganini” ta’kidlab, 90-yillardagi noto‘g‘ri siyosat radikallashuvga olib kelgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.
“Singlimiz Otalaridan yaxshilab so‘rasalar bo‘larkan nimaga bunday bo‘lganini. Balkim aynan Islom Karimovning boshqaruv uslubi bizni sobiq Suriya yo Afg‘onga o‘xshab qolishimizga sabab bo‘lgandir?” deb yozgandi.
Shuningdek, boshqa faollar ham Qudratxo’ja va Lola o’rtasidagi holatga o’z munosabatlarini bildirgan.