Bugun, 2-iyun kuni Kanadaning Edmonton shahrida futbol bo‘yicha O‘zbekiston va Kanada milliy terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Jahon chempionati oldidan o‘tkazilgan ilk sinov bahsida hamyurtlarimiz 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchrashdi.
Uchrashuvning dastlabki bo‘limi vakillarimiz uchun ancha faol boshlandi. Hujumchi Eldor Shomurodovda raqib darvozasini ishg‘ol etish uchun bir nechta qulay golli vaziyatlar yuzaga keldi, biroq ulardan foydalanish nasib etmadi. O‘yinning 23-daqiqasida esa jamoamiz jiddiy yo‘qotishga uchradi: yarim himoyachi Aziz Gʻaniyev jarohat olib, maydonni erta tark etishga majbur bo‘ldi. Shu tariqa, birinchi bo‘lim 0:0 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Ikkinchi bo‘limda mezbonlar tashabbusni o‘z qo‘llariga olishga muvaffaq bo‘lishdi. O‘yinning 58-daqiqasida Jonatan Osorio hisobni ochgan bo‘lsa, uchrashuvga qo‘shib berilgan vaqtning so‘nggi daqiqalarida Jalden Nelson Kanada terma jamoasining ikkinchi golini kiritdi. Qolgan vaqtda hisob o‘zgarmadi va O‘zbekiston terma jamoasi o‘rtoqlik uchrashuvida imkoniyatni boy berdi.
Ma’lumot uchun, Fabio Kannavaro boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi joriy yilning 26-may kuni Toshkentdan Nyu-Yorkka to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov orqali yetib borgan edi. Tarixiy Jahon chempionatidagi debyut oldidan jamoamiz uchun ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi rejalashtirilgan.
Kanadaga qarshi bahsdan so‘ng, vakillarimiz joriy yilning 8-iyun kuni Nyu-York shahrida Niderlandiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushishadi. Avvalroq murabbiylar shtabi Jahon chempionati uchun jamoaning kengaytirilgan 30 kishilik tarkibini e’lon qilgan edi.
