Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo’ravonliklarning oldini olish davlat siyosatining eng ustuvor yo’nalishlaridan biriga aylangan. Biroq, joylardagi ayrim mutasaddilarning loqaydligi va mas’uliyatsizligi tufayli bugun ochiq osmon ostida qolayotgan ayollar va go’daklar hamon uchramoqda.
Tahririyatimizga Samarqand viloyati, Jomboy tumanidan kelib tushgan navbatdagi murojaat jamiyatimizdagi mana shunday og’riqli nuqtalardan birini fosh qildi.
Murojaatda bayon qilinishicha, Jomboy tumani, «Taldirozoq» qishlog’i, «Tong nuri» ko’chasi, 5-uyda istiqomat qiluvchi Burxonov Keldiyor xonadonida mudhish ijtimoiy inqiroz yuz bergan. Xonadon egasining turmush o’rtog’i, qonuniy xotini va 2 nafar voyaga yetmagan farzandi 2026-yilning 30-may kunidan buyon o’z uyiga kiritilmasdan, ko’chada – o’t-o’lanlar ustida tunashga majbur bo’lmoqda.
Bunga sabab oila boshlig’ining qonuniy nikohi bo’la turib, boshqa bir ayol bilan shar’iy nikohdan o’tib, uni uyga olib kelgani va qonuniy oilasini o’z uyi, o’z boshpanasidan majburlab haydab chiqarishga urinayotgani keltirilgan. Oqibatda, nafaqat ayol, balki davlat himoyasida bo’lgan voyaga yetmagan norasidalar ham er-xotinning o‘zari kelishmovchiligi sabab quzilgan uyda qolib ketishga majbur bo’lmoqda.
Eng achinarlisi, ushbu oilaning ko’chada qolgani va ayanchli ahvoli bo’yicha tuman mutasaddilariga murojaat qilingan. Ular voqea joyiga kelib, vaziyat bilan tanishgan bo’lsalar-da, bugungi kungacha amaliy natija ko’rsatishmagan.
Savol tug’iladi: Mamlakatda xotin-qizlar huquqi, oila muqaddasligi haqida gapirilayotgan bir paytda, Jomboy tumani mutasaddilari nima bilan band? 2 nafar norasida bola va qonuniy huquqiga ega ayolning bir haftadan buyon ko’chada yotishi tuman hokimligi va mahalla faollarini nega tashvishga solmayapti?
O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko’ra, ko’p xotinlilik jinoiy javobgarlikka sabab bo’ladi. Shuningdek, voyaga yetmagan bolalarni va ayolni xavfli yoki yashash uchun sharoit bo’lmagan holatda qoldirish, ularni uyidan haydash konstitutsiyaviy huquqlarning qo’pol ravishda buzilishidir.
«MUHIM24.uz» tahririyati ushbu vaziyatdan kelib chiqib, Jomboy tumani hokimligi mutasaddilari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari hamda huquq-tartibot idoralari vakillaridan mazkur holatga zudlik bilan e’tibor qaratishlarini, ko‘chada qolayotgan ayol va voyaga yetmagan bolalarning huquqlarini tiklash yuzasidan amaliy choralar ko‘rishlarini so‘raydi.
