Tabiatni asrash va ekologiya qoidalari bo‘yicha qonunlar juda qattiqlashdi

Tabiatni asrash va ekologiya qoidalari bo‘yicha qonunlar juda qattiqlashdi

Ekologik nazorat sohasida yangi qonun bilan kiritilgan asosiy o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida xabar topdingizmi?

Endi tabiatni asrash va ekologiya qoidalari bo‘yicha qonunlar juda qattiqlashdi. Yangi qoidalarga ko‘ra, endi atrof-muhitga zarar yetkazganlar qutilib qolishi oson bo‘lmaydi. Bugun shu haqida «MUHIM24» veb-sayti batafsil sharhni sizga taqdim etmoqchimiz.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi davlat ekologiya inspektorlari uchun yangi yangiliklar bo‘yicha amaliy qo‘llanmani taqdim etdi. 2026 yil 25 martda imzolangan va 27 martdan rasman e’lon qilingan O‘RQ-1124-sonli Qonun atrof-muhit, hayvonot va o‘simlik dunyosi muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan.

Unga ko’ra, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub yuridik shaxslar o‘zlarining ustuvor ifloslantiruvchi manbalarini avtomatik monitoring stansiyalari bilan jihozlashlari shart. Ushbu ma’lumotlar real vaqt rejimida vazirlikning Yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinishi lozimligi belgilandi.

Ma’lumotlarni kiritmaganlik yoki noto‘g‘ri kiritganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi. Shu o‘rinda eslatib o‘tishimiz ham kerakki, ushbu tartib 2026 yil 1 iyuldan to‘liq kuchga kirgan. Yuridik shaxs aybini tan olmasa, masala sud tartibida hal etiladi.

Avtomatik foto va videofiksatsiya vositalarining joriy etilishi MJTKga yangi kiritilgan 17⁴-moddaga ko‘ra, maxsus avtomatlashtirilgan foto- va videofiksatsiya qurilmalari orqali qayd etilgan ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport vositasining mulkdori yoki foydalanuvchisi zimmasiga yuklanadi. Shuningdek, jismoniy shaxslar va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan yuborilgan foto/video dalillar ham qonuniy ravishda avtomatik vositalar yozuvlariga tenglashtirildi.

Uy-joy mulkdorlari diqqatiga!

Ko‘p kvartirali uylarga tutash bo‘lgan tuproqli yoki yashil qoplamali yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan betonlashtirish, u yerga turli qurilma yoki konstruksiyalar o‘rnatish qat’iyan man etiladi. MJTKning 159-moddasi 4-qismida bunga to‘xtalgan.

Buning uchun fuqarolarga BHMning 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 100 baravari miqdorida jarima solinadi. Agar noqonuniy qurilma yoki beton qoplama o‘z ixtiyori bilan bartaraf etilsa, shaxs javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Chiqindilar bilan ishlash sohasidagi yangi majburiyatlar

«Chiqindilar to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga binoan, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlagan jismoniy va yuridik shaxslar ularni o‘z hisobidan olib chiqib ketishga yoki davlat tomonidan olib chiqib ketish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga majburdirlar.

Bundan tashqari, MJTKning 91⁴-moddasiga asosan, chiqindi to‘plash maydonchalaridan va ularning qo‘riqlanmaydigan modulli inshootlaridan qayta ishlanadigan toifadagi chiqindilarni noqonuniy to‘plash va olib chiqib ketganlik uchun BHMning 1 dan 3 baravarigacha jarima belgilandi.

Daraxtlarni ko‘chirish tartibi va o‘rmon fondi yerlari muhofazasi Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish hamda ko‘chirib o‘tqazish uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan beriladigan yagona ruxsatnoma joriy etildi.

Ushbu ruxsatnomani olish uchun davlat boji miqdori 100 BHM etib belgilandi. Jinoyat kodeksiga yangi kiritilgan 198¹-modda esa o‘rmon fondi yerlarini noqonuniy berish, ulardan foydalanish yoki ularda bino va inshootlar qurish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikni va ozodlikdan mahrum qilish jazosini ko‘zda tutadi.

Jamolbek SALOMOV, «MUHIM24»