“Bunday qarorga kelish uchun qanday obyektiv zarurat bor, degan savol tugʻilishi tabiiy, albatta. Nima uchun qolgan uch yarim yillik Prezidentlik muddatidan oʻz tashabbusim bilan voz kechayapman?
Chunki, oʻzingiz koʻrib turibsiz, Asosiy qonunimizga muvofiq, birinchidan, hokimiyatning barcha boʻgʻinlari isloh qilinib, ular oʻrtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy oʻzgarmoqda.
Ikkinchidan, yangilangan Konstitutsiyamiz Prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib boʻlmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni qoʻymoqda.
Uchinchidan, xalqimiz bizdan barcha sohalarda gʻoyat muhim va dolzarb oʻzgarish va islohotlarni kutmoqda.
Toʻrtinchidan, dunyoda va mintaqamizda keskin va murakkab jarayonlar hukm surayotgan hozirgi vaziyatda toʻgʻri va samarali rivojlanish yoʻlini izlab topish va uni amalga oshirish eng oʻtkir va dolzarb masalaga aylanmoqda. Aziz va muhtaram vatandoshlar, barchangiz koʻrib turibsiz, oldimizga bugun yanada ulkan marralar qoʻymoqdamiz.
Bundan buyon ham, davlat va jamiyat hayoti, bugungi va kelgusi taraqqiyotiga oid har bir masala boʻyicha faqat va faqat sizlar, donishmand, bagʻrikeng xalqimiz bilan bamaslahat ish olib boramiz. Asosiy qonunimizda xalq – davlat hokimiyatining birdan-bir manbai, deb bejiz yozilmagan.
Shu nuqtai nazardan, yangilangan davlat hokimiyati tizimida xalqimiz, yana bir bor aytaman, faqat xalqimiz oʻzi ishongan rahbarga mandat berishi maqsadga muvofiq. Oʻylaymanki, bugungi mavjud sharoitda bu eng toʻgʻri va adolatli qaror boʻladi”, – dedi Prezident.
Saylovlar qonunga toʻla muvofiq holda, ochiq va oshkora tarzda oʻtkazilishi qayd etildi. Bunda siyosiy partiyalar, Prezidentlikka nomzodlar yurtimiz tinchligi va uning ravnaqiga, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan yangi gʻoya va tashabbuslar bilan maydonga chiqishiga ishonch bildirildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashdi.