“Haqiqat, Taraqqiyot va Birdamlik demokratik partiyasi” (HTBDP) shu yilning 15-mayida O’zbekiston Respublikasining Adliya Vazirligiga partiyani ro’yxatga olish borasida ariza bergan. Bu haqda Adliya Vazirligi rasmiy saytida xabar berdi.
Xabarda keltirilishicha, shu kunning o’zida ariza va taqdim etilgan ta’sis hujjatlari ko’rib chiqilgan va quyidagi asoslar keltirilgan holda rad etilgan:
Birinchidan, ovozlar yetarli emas deb topilgan. Partiyaga birlashmoqchi bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatiga vafot etganlar, voyaga yetmaganlar va xorijda yashayotganlarning ham imzolari kiritilgani ma’lum qilingan.
“Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga ko‘ra, siyosiy partiyani tuzish uchun kamida 8 ta hududiy subyektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida bo‘lgan kamida 20 ming fuqaroning imzosi bo‘lishi talab etiladi.
Biroq yangi partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarda ushbu partiyaga birlashish istagini bildirgan fuqarolarning 10 777 ta imzosi keltirilgan.
Bunda hujjatlarni o‘rganish jarayonida partiyaga birlashish istagini bildirgan fuqarolar ro‘yxatiga quyidagilar kiritilgani ma’lum bo‘lgan:
- siyosiy partiya ta’sis konferensiyasi o‘tkazilgungacha vafot etgan 145 nafar shaxs;
- 23 nafar voyaga yetmagan shaxs;
- mahallalarni asfaltlash, kommunikatsiya tizimlarini yangilashga mablag‘ olish maqsadida “Ochiq budjet” loyihasiga ovoz berish uchun deb xato imzo qo‘ygan va keyinchalik ushbu imzolarini qaytarib olgan 3900 nafar shaxs;
- shaxsga doir ma’lumotlar taqdim etilmagani sababli shaxsi aniqlanmagan 1775 nafar shaxs;
- imzolari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan elektron shaklda olingan 2257 nafar shaxs;
- partiya tuzish uchun xohish bildirmagan va hech qanday imzo qo‘ymagan 844 nafar shaxs;
- sud tartibida muomalaga layoqatsiz deb topilgan 185 nafar shaxs;
- O‘zbekistonda yashamayotgan 209 nafar shaxs.
Vazirlik siyosiy partiyani ro‘yxatga olishni rad etish ustidan Oliy sudga belgilangan tartibda shikoyat qilish mumkinligini eslatib o‘tgan.