2030 yilga qadar Qashqadaryoda maktabgacha ta’lim sohasidagi qamrov yuz foizga yetkaziladi — Shavkat Mirziyoyev

2030 yilga qadar Qashqadaryoda maktabgacha ta’lim sohasidagi qamrov yuz foizga yetkaziladi —  Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida kelgusi yetti yilda ta’limni rivojlantirishga oid rejalar haqida to‘xtaldi.

“Eng avvalo, 2030 yilga qadar viloyatda maktabgacha ta’lim sohasidagi qamrov yuz foizga yetkaziladi. Shu maqsadda, qariyb 1 trillion 300 milliard so‘m mablag‘ hisobidan, 1 ming 745 ta yangi bog‘cha tashkil etiladi.

Olis va chekka hududlarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish uchun 1 ming 500 o‘rinli 28 ta mobil guruh tashkil etiladi.

Bog‘chalarda 12 o‘rinli 350 ta bir yillik bepul tayyorlov guruhlari va 50 ta qisqa muddatli guruhlar tuziladi.

Kelgusi yetti yilda maktab ta’limida qo‘shimcha 130 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi, viloyatda o‘quvchisi 30 nafardan ortiq bo‘lgan sinflar qolmaydi (hozirda 4 mingdan ziyod sinfda 35 ta bola o‘qiydi).

Shuningdek, 237 ta maktab mukammal ta’mirlanadi, 591 ta maktab zamonaviy o‘quv anjomlari, laboratoriya va kompyuterlar bilan jihozlanadi”, – dedi nomzod.