Jurnalistni kaltaklagan so’kong’och xodimga jinoyat ishi qo’zg’atildi

Jurnalistni kaltaklagan so’kong’och xodimga jinoyat ishi qo’zg’atildi

Joriy yilning 14-avgust kuni Toshkent shahrida Zoʼr TV telekanali muxbiri va tasvirchisi “Koʻprikqurilish” korxonasi xodimi tomonidan tazyiq bo’lganligi haqida Telegram sahifamiz orqali xabar qilingandi.

Xabarda qulab tushgan koʻprik haqida axborot olishga borgan jurnalistlarga voqea joyida tajavvuz boʻlganligi aks etgan video ham taqdim etilgandi.

Shu kunning o’zidayoq Zo’rTV telekanali jurnalisti va operatorini kaltaklagan qurilish korxonasi xodimi ishdan bo‘shatilgani haqida “О‘zbekiston temir yо‘llari” AJ axborot xizmati xabar bilan chiqdi.

Ushbu voqelik keng jamoatchilik orasida ham keskin muhokamalarga sabab bo’ldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA jurnalist va uning jamoasi bilan sodir boʻlgan voqea boʻyicha oʻz munosabatini bildirdi.

Oʻz navbatida Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi – OʻzA ham jurnalistlar faoliyatiga bu tarzdagi qoʻpol qarshilik qilish holatlarini keskin qoralashini ochiq maʼlum qildi.

«OʻzA jurnalistlarga qilingan tajovvuz uchun jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan chora qoʻllanishini soʻraydi», – deyiladi munosabatning boshlanishidan.

Unda jurnalist va uning jamoasiga nisbatan boʻlgan tazyiqni keskin qoralaganligi va bu boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi IIV hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasiga rasmiy xat yoʻllaganligini bildirdi.

IIV matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosovning xabar berishicha, hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

“Zoʼr TV teleradiokompaniyasi xodimlariga tan jarohati yetkazilganligi holati yuzasidan IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.