Navoiy viloyati Uchquduq tumanida o’tkazilishi rejalashtirilgan «O’zbekiston — baxtli insonlar mamlakati!», nomli norasmiy xayriya konserti o’tkazilishi tuman mutasaddi rahbariyati tomonidan rad etildi. Bu haqda Uchquduq tuman hokimligi axborot xizmati quyidagicha rasmiy munosabat bildirmoqda:
Fuqaro S.Ergashov oʻzining xatida “Mustaqillik” MFYda yashovchi Nurislom bilan yuz bergan koʻngilsiz hodisa munosabati bilan xayriya konserti tashkil etilayotganligini, tadbirdan tushgan mablagʻlar Nurislomni sogʻligini tiklashga sarflanishi rejalashtirilganligini maʼlum qilib, ushbu tadbirni koʻtarinki ruhda oʻtkazish uchun Uchquduq gazetasi balansida boʻlgan LED monitor oʻrnatilishida amaliy yordam soʻragan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 205-sonli qaroriga asosan, tadbirni oʻtkazish boʻyicha Ommaviy komissiya rahbari tuman ichki ishlar boʻlimi ekanligi eslatib o’tilgan.
Xabarda keltirilishicha, ushbu tadbir yuzasidan komissiya rahbariga xat bilan murojaat qilmagan. Shuningdek, bunday tadbir tashkil etilganida jamoat xavfsizligini taʼminlashga va ommaviy tadbirlar ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlashga ichki ishlar boʻlimi masʼul ekanligi maʼlum qilingan.
Qisqa qilib aytganda, Ommaviy komissiya rahbarining ushbu tadbirdan xabari yoʻqligi sababli tuman hokimligi tomonidan LED ekran oʻrnatilishiga ruxsat berilmaganligini maʼlum qilgan.
Bu masalada «Bolalarolami.uz» internet nashri o’z sahifalari orqali «Uchquduq tuman hokimligidan shaxsiy xayriya kontsertiga amaliy yordam berish» so’ralganligini ma’lum qilib, «hokimlik munosabatlarida bu masalaga biror oydinlik kiritilmagan»ligini iddao qilmoqda.
Shuni eslatib o’tishimiz joizki, joriy yilning 5-mart kuni Navoiy viloyatining Uchquduq tumani markazida 7 yoshli Nurislomni katta kuchlanishli transformatorda tok urishi oqibatda u ikki qo’lidan ham ayrilgan edi. Voqea esa transformatorning atrofi yetarli darajada xavfsizligi ta’minlanmaganligi oqibatida sodir bo’lgan. 15-16-mart kunlari «Bolalarolami.uz» hamda «Muhim24.uz» internet nashrlari jamoasi hamkorlikda sodir bo’lgan voqea tavfsilotlarini batafsil o’rganib, nashrlarda yoritgandi.