Foto: Daryo.uz
Samarqand viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi xibsga olindi. Boshqarma boshligʻi “Dok-1 Maks”ning zaharli ekani yuzasidan ogohlantirilgani, ammo hech qanday chora koʻrmagani aytilmoqda.
Samarqand viloyati Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori M.Azizov tomonidan “Dok-1 Maks”ning zaharli ekani haqida ogohlantirilgan, ammo bunga javoban hech qanday chora koʻrmagani aytilayotgan viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi D.J.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Bu haqda “Dok-1 Maks” ishi boʻyicha navbatdagi sud majlisida raislik etuvchi Muso Yusupov maʼlum qildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Qayd etilishicha, bu maʼlumot sud ishiga raislik qiluvchi Muso Yusupov tomonidan sudlanuvchilardan birining zaharli sirop haqida jamoatchilikni xabardor qilgan samarqandlik shifokorlarni, masʼullarni sudga chaqirish haqidagi iltimosnomasiga javoban yangragan.
2022 yilning dekabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi dorixonalardan xarid qilingan “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositalari bilan bogʻliq xabarlar tarqalgandi.
Tarmoqlarda tarqalgan mazkur xatda Samarqand viloyati Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi oxirgi ikki oyda 21 kishi shu dori vositasi qabulidan soʻng shikoyat qilgani, 17 nafar bolaning ahvoli oʻta ogʻir boʻlib, ularning 15 nafarida oʻlim holati kuzatilganini maʼlum qilgan.
Bosh shifokorning bu maʼlumotlari rasmiy xat sifatida 2022 yilning 15 dekabr kuni 416-raqam bilan viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi D.H.Jumaniyozovga yuborilgan.