Unga budjetdan 1,2 trln so‘m ajratilib, xalqaro tashkilotlardan $100 mln miqdorida mablag‘lar jalb etilishi rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-noyabr kuni “Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Unda o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan resurslarning yetishmasligi qayd etilgan. Hujjat bilan, muqobil moliyaviy vositalarni, xususan, tadbirkorlik loyihalariga ulush kiritish va xizmatlar ipotekasini joriy etish chora-tadbirlari belgilandi.
Unga ko’ra, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” sifatida qayta tashkil etiladi. Uning ta’sischisi, avvalgidek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘lib qoladi.
Kompaniya faoliyati kichik va o‘rta tadbirkorlikning innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi turdagi mahsulotlar yaratish va ishlab chiqarishni rag‘batlantirish kabilarga yo‘naltiriladi.
Prezident qarori bilan 2024-2026-yillar uchun “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ faoliyatining asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:
➖ kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatiladigan moliyaviy xizmatlar hajmini 8 trillion soʻmdan 14 trillion soʻmga yetkazish;
➖ 150 ta oʻrta biznes korxonasiga ulush kiritish va xizmatlar ipotekasi asosida 300 ta loyihani tadbirkorlik subyektlariga sotish;
➖ oʻrta tadbirkorlik subyektlari sonini 2,5 baravarga oshirish;
➖ 300 million AQSH dollari miqdorida obligatsiya (yevrobond)larni xalqaro kapital bozorlarida muomalaga chiqarish.
Muhim24