«Sayidasiz medgorodok» qamoqqa olindi

«Sayidasiz medgorodok» qamoqqa olindi
FOTO: Toshkent shahar IIBB

“Sayidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan Saidaliyev Saidaziz qamoqqa olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan JKning 165-moddasi (tovlamachilik) bilan bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi tergov qilinmoqda. Mazkur jinoyat ishi doirasida oʻtkazilgan tergov-tezkor harakatlari doirasida bir qator jinoiy holatlar aniqlangan.

Jumladan, Toshkent shahrida “Sayidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan 1987-yilda tugʻilgan Saidaliyev Saidaziz Saidaglamovich sport bilan shugʻullangan jismonan baquvvat boʻlgan bir nechta shaxslarni oʻz atrofiga jalb qilib, qator jinoyatlarni sodir etgan.

Xususan, qarzdorlik va boshqa muammolari boʻlgan shaxslarni muammolarini qonunni chetlab oʻtgan holda hal qilib berish evaziga moddiy jihatdan manfaatdor boʻlish, tahdidlar yoʻli bilan pul mablagʻlarini noqonuniy qoʻlga kiritish, bezorilik va tamagirlik holatlari shular jumlasidandir.

Jinoyat ishi doirasida gumon qilinuvchi S.Saidaliyev va boshqa bir nechta shaxslarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan. Tergov davom etmoqda.