Toshkent transport tizimiga g‘ildirakli tramvaylar integratsiyalashuvi taklif etildi

Toshkent transport tizimiga g‘ildirakli tramvaylar integratsiyalashuvi taklif etildi

Poytaxt hokimligida Xitoyning CRRC Group kompaniyasi vakillari g‘ildirakli tramvaylarning afzalliklari, qulayligi, samaradorligi va sig‘imi haqida ma’lumot berdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar bermoqda.

Yo’l-transport infratuzilmasi va atmosfera ifloslanishiga doir masalalarning dolzarbligi, ushbu mavzularda ko’plab aholi murojaatlari va muhokamalari mavjudligidan kelib chiqqan holda, Toshkent shahar hokimligida hokimlik, “Toshkent Invest” AJ, Global ekologik fond (GEF), Xitoyning “CRRC Group” kompaniyasi, BMT TD va Transport vazirligi vakillarining ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Yig‘ilishda jamoat transportini takomillashtirish, yashil yoqilg‘ida harakatlanadigan transport vositalari ulushini oshirish, mikromobillikni kengaytirish, yo‘lovchilar va haydovchilar uchun qulaylik yaratish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, tadbir davomida “Toshkent shahrida kam uglerodli transportga investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtirish” loyihasi taqdim etildi. Loyiha GEF va BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida ishlab chiqilgan bo‘lib, poytaxtning eng gavjum ko‘chalaridan biri Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab yashil transport yo‘lagini yaratishni sinov tariqasida taklif qilmoqda.

Shuningdek, CRRC Group kompaniyasi vakillari ishlab chiqarilayotgan transport vositalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, g‘ildirakli tramvaylarning afzalliklari, qulayligi, samaradorligi va sig‘imi haqida so‘z yuritilib, ularni poytaxt transport tizimiga integratsiyalashuvi taklif etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida eng samarali yechimlarga erishish uchun hamkorlikda ishlash va munozaralarni davom ettirishga kelishib oldilar.