Xabaringiz bor, hozirda O’zbekistonda «Dok-1 Maks» bo’yicha sud ishlari haliyam davom etmoqda. “Dok-1 Maks” sudida O‘zbekistonda mazkur siropdan vafot etgan bolalar soni 68 nafar ekani Oliy sud tomonidan e’lon qilingan raqamlar o‘zgarganiligi bilan tasdig’ini ham topdi. Bundan tashqari, ushbu dori priparatidan kamida 16 nafar bola hayot uchun og‘ir, 2 nafari esa yengil tan jarohati sabab nogiron bo‘lib qoldi.
Xo’sh, O’zbekistonda dori vositalari bilan yana shu kabi noxush holatlar yuzaga kelishi mumkinmi? Bunga esa 2-fevral kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatddagi yig‘ilishida javob qaytarildi.
“Daryo” jurnalisti “Dok-1 Maks” ishini ko‘rib chiqayotgan sudda yangragan ma’lumotlardan kelib chiqqan holda “O‘zbekistonda ‘Dok-1 Maks’ fojiasi takrorlanmaydimi? Mamlakatga kirib kelayotgan zaharli dorilarni ushlab qolish imkoniyati bormi? Sudda so‘z olgan sobiq mas’ullar O‘zbekistonga ‘Dok-1 Maks’ kabi zaharli dorilar kirib kelsa, amaldagi tekshirishda buni aniqlash imkoni yo‘qligini aytmoqda, bunga nima deysiz?”, — deya savol berdi.
Foto: «Daryo.uz» e’lon qilgan videomaterialdan qirqib olindi
Savolga esa davlat farmakopeyasi bosh muharriri Habibulla Jalilov javob qaytardi.
«Dori vositasini ishlab chiqarish jarayoni ko‘p bosqichli. Va mana shu ko‘p bosqichning har bittasida o‘ziga vakolatli bo‘lgan shaxslarga yuklatib qo‘yilgan. “Dok-1 Maks”da yuzaga chiqib, bolalarning zaharlanishiga sabab bo‘lgan primis uning xomashyosida tekshirib, o‘sha jarayonda, Hindistondagi ishlab chiqaruvchi tomonidan to‘xtatilgan bo‘lishi kerak edi. O‘sha yerda qilinadigan ishni, tayyor preparatda aniqlash mumkin emas. Chunki “Dok-1 Maks” preparatini tayyorlashda 12 ta har xil moddalar aralashtiriladi. Har bitta modda toza vaqtida, xomashyosida qancha qo‘shimcha moddalar bor, qancha primislar bor aniqlash imkoni bor.
Lekin hammasi aralashib ketganidan so‘ng bunaqa imkoniyatni bermaydi. Shu bois, bu ishlab chiqaruvchi korxonaning vakolatida. Endi shu voqea yuzaga kelganidan so‘ng Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bunga tezda munosabat bildirdi. Va Amerika qo‘shma shtatlaridagi laboratoriyaga tayyor mahsulot ichidagi shu primisni aniqlash mumkinmi deb savol qo‘yib, topshiriq berdi. Ular uch oy davomida olib borgan ilmiy tadqiqotlar davomida murakkab usulda shuni aniqlash metodikalarini ishlab chiqib, butun dunyodagi nazorat organlariga tarqatdi. Oldingi holatda Amerikada ham, Yevropada ham bu xomashyoda tekshirilar edi. Hech qachon tayyor mahsulotda tekshirilmagan», — deydi mutaxxassis Jalilov.
Foto: «Daryo.uz» e’lon qilgan videomaterialdan qirqib olindi
Shuningdek, yig’ilish davomida mas’ullar O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” fojiasi ro‘y berganidan so‘ng, Farmatsevtika agentligining sobiq direktori va mas’ullari Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilgani, murojaatdan so‘ng sirop ishlab chiqaruvchisi bo’lmish Marion Biotech Pvt.Ltd kompaniyasi joylashgan shtatning nazorat qiluvchi organi birinchi galda ishlab chiqaruvchi faoliyatini to‘xtatgani haqida ma’lumot berishgan. Bundan tashqari ushbu korxonaninng litsenziyasi ham bekor qilinib, 5 nafar mas’uli qamoqqa olingan. Ammo bugun ularga qanday jazo turi qo’llanilganligi ma’lum emasligi ham aytib o’tilgan.
Eslatib o’tamiz, 2023-yil oktyabrida “Dok-1 Maks” sudida so‘z olgan sudlanuvchi tergovda unga bosim bo‘lganini aytgandi.
Jamolbek SALOMOV tayyorladi