Sessiyada Kadastr agentligi taklif etgan qaror loyihasiga ko‘ra, quyidagi hududlar almashinishi taklif qilindi:
Toshkent viloyatining Sirdaryo, Namangan bilan chegara hududlarida o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida Kadastr agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan taklif etilgan qaror loyihasi taqdimotida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, viloyatlararo chegara chiziqlarini bir chiziqqa keltirish maqsadida quyidagi o‘zgarishlar taklif qilinmoqda:
- Sirdaryo viloyatining 5 ta (Sirdaryo, Sayxunobod, Guliston, Boyovut tumanlari va Shirin shahri) hududidan 310,4 gektar yer maydoni Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilishi;
- Toshkent viloyatining 6 ta (Chinoz, Quyi Chirchiq. Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Bekobod tumanlari va Bekobod shahri) hududidan 347,2 gektar yer maydoni Sirdaryo viloyati hududiga o‘tkazilishi (o‘rtadagi farq 36,8 ga);
- Namangan viloyatining Pop tumani hududidan jami 38,8 gektar yer maydoni Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilishi;
- Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidan jami 26,3 gektar yer maydoni Namangan viloyati hududiga o‘tkazilishi (o‘rtadagi farq 12,5 ga).
Deputatlar qarorni ma’qulladi.